O‘zbekiston | 12:17 / 06.11.2021
11244
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak»

Senat binosida saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq so‘zlamoqda.

Foto: Milliy mass-media fondi

«Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish jarayoniga yangicha, zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi. Kadrlar davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilinadi, ular uchun uzluksiz malaka oshirish, natijadorlikni baholash va lavozim bo‘yicha ko‘tarilish mezonlari belgilanadi. 

Bundan buyon har bir hudud, soha va tarmoq faoliyatiga ularda fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari qanday ta'minlanayotganiga qarab baho beriladi.

Shu munosabat bilan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan da'vatga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilishi kerak”. 

Shuning uchun har bir mutasaddi mahalla va tuman hayotini ipidan ignasigacha bilishi shart! Ulug‘ ajdodlarimiz aytganidek, rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak. Agar qaysiki rahbar, davrning bu o‘tkir talabini tushunmasa, ularni endi xalqimiz ham, hayotning o‘zi ham qabul qilmaydi. 

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlar alohida muhim o‘rin tutadi. Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini ta'minlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat beriladi. Bu borada parlament tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinadi. 

Joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va uning natijasiga muvofiq, ularga nisbatan ta'sirchan choralar ko‘rish amalga oshiriladi.

Rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, jamiyat va davlat boshqaruv tizimi ayrim rahbarlarning sub'yektiv nuqtai nazariga, sodda qilib aytganda, ularning qosh-qovog‘iga qarab emas, aksincha, mustahkam huquqiy mezonlarga ega bo‘lgan institutlar faoliyati orqali amalga oshirilishi zarur. 

Bu borada oldimizda turgan yana bir muhim masala – Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish vaqti keldi, deb o‘ylayman. 

Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish e'tiborimiz markazida bo‘ladi. 

Shu maqsadda, Jamoatchilik palatasini tashkil etish ishlari jadallashtiriladi. Jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirishga doir dolzarb vazifalar amalga oshiriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid