“Saylovda menga bildirilgan ishonch – yuksak sharaf, muqaddas burch ekanini, ayni vaqtda bu ishonch zimmamga qanday ulkan mas'uliyat va javobgarlik yuklashini ham chuqur his etib turibman.
Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasida qo‘llab-quvvatlagan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining a'zolari va faollariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga tashakkur aytaman.
Saylovda faol ishtirok etgan: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Maqsuda Vorisovaga; “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – Alisher Qodirovga; O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – Narzullo Oblomurodovga; “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – Bahrom Abduhalimovga alohida minnatdorlik bildiraman. Ularning kelgusi ishlariga omadlar tilayman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.











