O‘zbekiston | 17:36 / 16.11.2021
6551
4 daqiqa o‘qiladi

YHXning jarimalar bazasi kiberhujumga uchragani rad etildi

Internetda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining jarimalar elektron bazasi kiberhujumga uchragani haqida audioyozuv tarqaldi. YHXBB buni rad etib, ikkita baza integratsiya qilinayotgani sababli “ayrim nosozliklar” ro‘y berayotganini bildirdi.

Foto: iStock

Audioyozuvda noma'lum erkak “davlat tashkilotida” ishlovchi tanishidan eshitgan ma'lumotga tayanib, yo‘l harakati qoidasini buzganlik uchun yozilgan jarimalarning elektron bazasi hakerlar hujumiga uchragani, natijada bazadagi butun respublika bo‘yicha barcha ma'lumotlar o‘chib ketgani, budjet katta zarar ko‘rgani uchun yo‘llarda reydlar ko‘paytirilganini aytadi.

Shuningdek, audio muallifi tanishi unga to‘lanmagan jarimani to‘lamay turishi kerakligini, chunki baza tiklanmaydigan bo‘lsa, bunga hojat qolmasligini, ayni paytda bazada jarimalardan qarzdorlik haqidagi ma'lumotlar ko‘rinmayotganini aytganini ma'lum qilgan va jarimasi bor fuqarolardan shuni tekshirib ko‘rishni so‘ragan.

IIV YHXBB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ma'lumotlar bazasiga hech qanday hujum bo‘lmagan va barcha ma'lumotlar mavjud.

“Ma'muriy amaliyot bo‘limi va markaziy kompyuterlashtirilgan boshqaruv va aloqa xizmatining bazalari integratsiya qilinayotgani sababli ayrim nosozliklar yuzaga kelmoqda. Fuqarolardan ushbu holatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘raymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov holatga izoh berib, hanuzgacha ba'zi blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar faollari “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarni buzib, turli tekshirilmagan, noxolis va umuman yolg‘on ma'lumotlarni tarqatishda davom etayotganini qayd etdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarning faollariga biror-bir ma'lumot yoki murojaat kelib tushganda, avval uni tekshirib, so‘ng axborot sifatida tarqatish shartligini eslatamiz. Shov-shuv ortidan daromad topishni ochiqlikni ta'minlashdan yuqori qo‘ymang”, deyiladi ichki ishlar vaziri matbuot kotibi bayonotida.

So‘nggi ikki oyda IIV YHXBB elektron bazasi yaxshi ishlamayotgani haqidagi shikoyatlar ko‘paygan. Buning sababi IIV tizimidagi turli xizmatlar bazalari integratsiya qilinayotgani bilan bog‘liqligi bugun ma'lum qilindi.

Avvalroq yarim yildan buyon Samarqand viloyat IIB YHXBda rasmiylashtirilayotgan avtotransport vositalariga transport vositalarini qayddan o‘tkazish guvohnomasi (“texpasport”) o‘rniga ikki varaq qog‘oz berilayotgani, jarima bildirishnomalari jo‘natilmayotgani haqida xabar berilgandi.

12 noyabr kuni IIV YHXBB elektron tizimi ishlamay qolgani tufayli Davlat xizmatlari markazlari tomonidan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish xizmati to‘xtatib qo‘yilgan, oradan uch soat o‘tib tizim ishlab ketganidan so‘ng ushbu xizmat qayta yo‘lga qo‘yilgandi.

Biroq IIV YHXBB matbuot xizmati rahbari Muzifa Sultonova Kun.uz muxbiri bilan suhbat davomida tizim ishlamayotganini rad etib, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirib berish to‘xtatib qo‘yilgani u ishlayotgan idoraga aloqasi yo‘qligini ta'kidlagandi.

Жамшид Ниёзов
Muallif Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid