Qonunçilik palatasi majlisida kiberxavfsizlikni ta’minlaş hamda raqamli muhitdagi huquqbuzarliklarga qarşi kuraşiş tizimini takomillaştirişga qaratilgan qonun loyihasi ikkinçi öqişda moddama-modda körib çiqildi.

Qayd etilişiça, deputatlar takliflari va huquqni qöllaş amaliyoti asosida hujjatning bir qator normalari qayta işlandi.

Xususan, «Tölovlar va tölov tizimlari töğrisida»gi qonunga kiritilayotgan özgartişlarga muvofiq, kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani yoki şubhali (frod) operatsiyalarning oldini oliş çoralari körilmagani natijasida fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, uşbu zararni banklar, tölov tizimi operatorlari yoki tölov taşkilotlari qoplaşi belgilanmoqda.

Şuningdek, Ma’muriy javobgarlik töğrisidagi kodeksga kiritilayotgan yangi normalar bilan masofaviy davlat xizmatlari tizimidagi şaxsiy akkauntlar yoki abonent qurilmasining identifikatsiya modullarini ğarazli maqsadlarda boşqa şaxslarga beriş, şuningdek, özga şaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalaniş uçun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan özgartişlar esa raqamli dalillar bilan işlaşning huquqiy asoslarini takomillaştirişni nazarda tutadi. Unga köra, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlar böyiça iş uçun ahamiyatli bölgan elektron ma’lumotlar va hujjatlarni belgilangan tartibda olib qöyiş imkoniyati yaratiladi.

Qonun loyihasida yana bir muhim yangilik sifatida bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kriptoaktivlar böyiça operatsiyalarni protsessual majburlov çorasi sifatida vaqtinça töxtatib turiş tartibi ham nazarda tutilgan. Bu noqonuniy özlaştirilgan mablağlarni boşqa şaxslarga ötkazib yuborilişining oldini olişga xizmat qilişi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, körib çiqiş uçun Senatga yuborildi.