Jahon | 14:51 / 27.11.2021
4565
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda kam ta'minlangan oilalar uchun elektr energiyasi narxi pasaytiriladi

Qirg‘izistonda 1 yanvardan boshlab kam ta'minlangan va davlatdan yordam oladigan oilalar uchun elektr energiyasi narxi arzonlashtiriladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov energetika bo‘yicha yig‘ilishda ko‘rsatma bergan.

Sadir Japarov/Foto: Qirg‘iziston prezidenti rasmiy sayti

Unga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj elektr iste'molchilar ro‘yxati shakllantirilgach, ulardan 1 kilovat elektr energiyasi uchun 50 tiyindan (63 o‘zbek so‘mi) haq olinadi. Qolgan 27 tiyinni esa davlat qoplab beradi.

Ayni damda Qirg‘izistonda elektr energiyasi fuqarolarga 1 kilovat uchun standart 77 tiyindan (98 o‘zbek so‘mi) sotiladi. Bir oyda 700 kilovat ishlatganlar ushbu tarif bo‘yicha to‘laydi, ammo 700 kilovatdan oshgan qismiga tarif 2,16 qirg‘iz so‘miga (275 o‘zbek so‘mi) ko‘tariladi. Tog‘li hududlarda esa 0,77 so‘mlik tarif cheklovsiz amal qiladi.

Qirg‘izistonda elektr energiyasi turli tariflar bo‘yicha sotiladi. Masalan, bolalar bog‘chalari, elektrotransport va diniy tashkilotlar 1 kilovat elektr energiyasini 1,68 so‘mdan (213 o‘zbek so‘mi) sotib oladi. Budjet tashkilotlari, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari uchun tarif 1 kilovat uchun 2,52 so‘mni (320 o‘zbek so‘mi) tashkil etadi. Oltin qazib oluvchi kompaniyalar, sement ishlab chiqaruvchilar va shunga o‘xshash tijoriy tashkilotlar alohida oshirilgan tarifda energiya sotib oladi.

Taqqoslash uchun O‘zbekistonda jismoniy shaxslar 1 kilovat elektr energiyasini 295 so‘mdan, yuridik shaxslar esa 450 so‘mdan sotib oladi. Qozog‘istonda 1 kilovat elektr energiyasi 17-28 tenge (420-692 o‘zbek so‘mi) oralig‘ida sotiladi. Tojikistonda 1 kilovat elektr energiya narxi fuqarolar uchun 22 dirham (210 o‘zbek so‘mi) tashkilotlar uchun 55 dirham (525 o‘zbek so‘mi).

«Bu ketishda ertaga sham yoqib o‘tiramiz»

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida energiya xavfsizligi juda muhim ekanini ta'kidlab, bu boradagi asosiy muammolarni sanadi.

«30 yil davomida oldingi rahbarlar energetika sektoriga befarqlik bilan qarab kelishdi, yuzaga kelgan jiddiy muammolar aytilmay qolib ketdi. Shu sabab istalgan vaqtda energetik inqiroz yoqasiga kelib qolishimiz mumkin.

Samarasiz boshqaruv tizimi, korrupsiya, doimiy qarzdorlik, yonilg‘i sektoridagi texnik qoloqlik, importga bog‘lanib qolish, iste'molning real hisobi yo‘qligi, tarmoqlardagi energiya isrofi, energiyani o‘g‘irlash – bu muammoning bir qismi xolos.

Asosiy energiya stansiyalarning 50 foizi eskirgan, gidroelektrostansiyalarning ba'zilari 30-40 yil avval ta'mirlangan. Aynan shu kamchiliklar oqibatida 2021 yilning 10 oyi davomida milliard kilovatdan ortiq energiya isrof bo‘lgan. Iste'mol hajmi oshishi sabab yil boshida 3 milliard kilovat energiya defitsiti yuzaga kelishi taxmin qilinayotgan bir vaqtda elektr tarmoqlarining eskirgani sabab yiliga xuddi shuncha energiya isrof bo‘lmoqda.

Tarmoqlarda yangilash ishlari olib borilyapti, lekin umumiy holat yaxshilangani yo‘q. Shu sabab qo‘shnilarimizdan 2 milliard elektr energiya importi bo‘yicha [katta qiyinchilik bilan] kelishuvga erishdik. 2021 yilning 9 oyi davomida mamlakatda 4 110 ta avariya sabab elekr uzilishi holatlari kuzatilgan. Bu kuniga 14 ta holat degani. Xatolarni tuzatish uchun bugun ishlamasak, ertaga sham yoqib, isitilmaydigan uylardan qorong‘u ko‘chalarni tomosha qilib o‘tiramiz», deb prezidetning so‘zlarini keltirmoqda Kaktus Media.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid