OAV sohasi vakillari yuridik yordam uchun qayerga murojaat qilishlari mumkin? Umuman, jurnalistlarning bilim saviyasi qay darajada? Bugun ular duch kelayotgan muammolar qaysilar?

Kun.uz muxbiri Legalclinic yuridik klinikasi yuristi Madina Tursunova bilan yuqoridagi mavzular atrofida suhbatlashdi.

Suhbatni videoda to‘liq tomosha qiling. Quyida esa yuristning asosiy fikrlari matn holida keltirib o‘tiladi.

Nima uchun yuridik klinika?

— Yuridik klinikalar fenomeni ilk bor 20-asrda AQShda paydo bo‘lgan va aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida talabalar tomonidan tashkil etilgan. Yuridik universitet va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlarida ham shunday yuridik klinikalar bor.

O‘zbekistonda “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti bor. Shu markaz tomonidan Legalclinic yuridik klinikasi tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlar va blogerlarga yuridik yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Markazni esa jurnalistlar tashkil etgan bo‘lib, ular jurnalistlar uchun yuridik yordamga ehtiyoj borligini ko‘rishgan.

Advokatlar defitsiti

— O‘zbekistonda nafaqat jurnalistika, balki umuman, aholi muammolari bilan shug‘ullanadigan yuristlar va advokatlar juda ham kam. Media sohada yuridik ko‘mak beruvchi yuristlar ham shunday. Nima uchundir, bu sohaga ko‘p yuristlar qiziqish bildirmaydi, aslida bu rivojlanib kelayotgan huquq sohasi. Chunki bu sohada o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini faol bildirayotgan insonlar bilan ishlash mumkin.

“Jurnalistlar savollariga onlayn javob beramiz”

— 2019 yilda va 2020 yil boshida jurnalistlar va blogerlar savollariga bevosita javob berilar edi. Hozirgi kunda o‘z saytimiz va Telegram-botimiz orqali onlayn tarzda javob berilmoqda. Ba'zida jurnalistlar o‘z maqolalarini yuridik baholab berishni so‘rashadi. Ba'zida ma'lum bir vaziyat yuzasidan maslahatlar so‘rashadi. Shu vaqtga qadar 600 dan ortiq murojaat bo‘ldi.

“Davlat organlari jurnalistlarning savollariga vaqtida javob bermayapti”

— Jurnalistlarni ko‘proq o‘zlarini qiziqtirayotgan axborotni olish jarayonlari qiziqtirmoqda. Jurnalistlar faoliyatidagi to‘siqlardan biri – ularga zarur ma'lumotning berilmasligi yoki savollariga vaqtida javob olmasligidir.