AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatiladi

Benzin narxi mavzusi hamon aktualligini yo‘qotmayapti. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ularning aralashuvi bilan narx tushayotgani haqida bayonotlar berayotgan bo‘lsa-da, aksariyat shoxobchalarda AI-80 benzini narxi 8 ming so‘m atrofida saqlanib turibdi.

Qo‘mita esa birjadagi benzin narxi 10 kun ichida 20 foizga pasaygani, ayrim shoxobchalarda AI-80 benzini 6500 so‘mgacha arzonlashganini aytyapti. Lekin, masalan, Toshkentda bunaqa narxga yoqilg‘i topolmaysiz. Eng arzoni “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida – 6890 so‘m. Bu narxda benzin quyish uchun, birinchidan, navbat kurish kerak; ikkinchidan, kechga yaqin shoxobchalarda AI-80 benzini tugab qolyapti.

Endi buyog‘iga haydovchilar AI-80 tanqisligiga ko‘nikib boraverishlari kerak. Chunki bu markadagi benzinni ishlab chiqarish yaqin orada butunlay to‘xtatiladi. “O‘zbekneftgaz” 1 dekabr kuni ayni shu masalada rossiyalik hamkorlar bilan muzokara boshlaganini ma’lum qildi.

Muzokaralarda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-80 o‘rniga AI-92 benzinini ishlab chiqarishga o‘tish ko‘rib chiqilyapti. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan AI-80 benzinining 80 foizi aynan shu zavoddan chiqadi.

Ayrimlar bilmasligi mumkin, lekin O‘zbekiston – AI-80dan foydalanadigan sanoqli davlatlardan biri. Aksariyat davlatlar bunaqa sifatsiz benzindan allaqachon voz kechgan. O‘zimizning UzAuto chiqaradigan mashinalarning birortasiga ham aslida AI-80 benzinini quyish mumkin emas.

UzAuto Motors ichki iste’molchilarni kamsityaptimi?

Hafta haydovchilar uchun yangiliklarga boy bo‘ldi. Ulardan eng shov-shuvlisi – UzAuto Motors yana minglab mijozlariga mashinalarni vaqtida yetkazib bermagani bo‘ldi.

Noyabr-dekabr oylariga deb shartnoma tuzganlar yana 2 oy kutishga majbur.

Mijozlarga munosabatni qarang: kompaniya noyabr oyiga deb tuzilgan shartnomalarni o‘zgartirayotgani haqida oyning eng oxirgi kunidagina xabar qildi. Ya’ni bir necha ming xaridor oyning oxirgi kunigacha puch umid bilan kutgan bo‘lib chiqdi.