Hafta voqeasi – shubhasiz, Surxondaryo viloyati Denov tumani markazidagi portlash. O‘zbekistonda bunaqangi darajada kuchli portlash bo‘lganini siz ham eslay olmasangiz kerak.

7 dekabr tundagi portlashdan keyin vayronalar orasidan 2 kishining jasadi topildi, kamida 9 kishi jarohatlangan. Jarohat olganlardan 2 nafarining ahvoli o‘rta og‘ir, ulardan birining o‘ng qo‘l barmoqlari uzilib ketgan...

Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, bir necha kilometr naridan ham sezilgan. Jami 65ta uy zarar ko‘rgan, 6ta xonadon umuman yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelgan.

Portlash sababi bo‘yicha rasmiylar aytayotgan taxmin – bir necha soat davomida gaz sizib chiqishi. Lekin bu taxminga hamma ham ishonqiramayapti. Portlash ro‘y bergan vaqtda binoning 2-qavatida bo‘lganlardan biri “Daryo” muxbiri bilan suhbatda “gaz umuman chiqmagani, hidi chiqsa, sezgan bo‘lishlari”ni aytgan.

Shu atrofda yashovchilar esa portlashdan ikki kun avval savdo majmuasiga odamlar kiritilmagani, u yerda savdo qilinmaganini aytgan. Ulardan ayrimlari portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Yana bir shubhali holat savdo markazidagi tadbirkorlar bilan bog‘liq. Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning aytishicha, “Indenim” savdo markazida ishlovchi tadbirkorlar portlashdan bir kun oldin majmuadagi mavjud tovarlarini inventarizatsiya qilib chiqqan va u yerda qancha mol-mulklari borligini aniqlab olgan. Ular bu haqda tergov jarayonida aytib o‘tishgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan, o‘ndan ortiq ekspertizalar tayinlangan. Bosh prokuratura portlovchi moddalardan foydalanilmagan degan dastlabki xulosani berdi.

Bir jihatga e’tibor bering. Portlash soat 03:57da ro‘y bergan edi, lekin shu kuni “O‘zbekiston” va “O‘zbekiston 24” telekanallaridagi “Axborot”ning hatto kechqurungi sonlarida ham bu haqda ma’lumot berilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Milliy teleradiokompaniya va uning hududiy bo‘limlariga budjetdan 429 milliard so‘m ajratiladi. Bu – salkam 40 mln dollar degani.