22 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda yangi namunadagi 50 ming va 100 ming so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqadi. Bank tizimida ishlaydiganlar yoki shu tizimda tanishlari borlar chorshanba kuni ertalabdan yangi pullarni internetdagi profillarida birinchilardan bo‘lib ko‘z-ko‘z qilishlari mumkin.

Demak, buyog‘iga naqd pul bilan muomala qilishda hushyorroq bo‘laverasiz. Axir qog‘oz pullarning xillari 6 oy ichida 2 barobarga ko‘payib ketdi.

Qanaqasiga deysizmi? Shunaqasiga. 14 iyungacha muomaladagi kupyuralarning turlari 5 tagina edi xolos. 22 dekabrdan boshlab esa ularning soni 11 taga yetadi.

Aslida kupyuralarni dizayn jihatdan emas, nominal qiymati jihatidan sanaganda, xalqaro standartga mos – banknotlar soni jami 7ta. Misol uchun, dollar va yevro banknotlari ham 7 xil. Lekin ham yangi, ham eski namunadagi pullar bir vaqtda amal qilayotgani sabab so‘m kupyuralar soni 11tagacha chiqib ketyapti.

Bunga sabab, menimcha, Markaziy bank negadir yangi pullar chiqqanida eskilarini muomaladan yig‘ishtirib olishga shoshilmayapti. Agar yangi pullarni yetkazib berishga ulgurishmayotgan bo‘lsa, yangi 50 va 100 ming so‘mlikni chiqarishni keyinroqqa surib tursa bo‘lmasmidi? Axir 11 xil pulning borligi odamlarga noqulaylik tug‘dirishi aniq-ku.

Naqd pul bo‘yicha buyog‘iga hushyorroq bo‘laverishga yana boshqa sabab ham bor. 10, 20 va 50 ming so‘mlik pullar rangi bir-biriga ancha o‘xshash. 20 ming so‘mlik bir pachka pulning ichiga 1-2ta 10 ming so‘mliklar qo‘shilib qolsa, bilmay qolish mumkin. Ustiga ustak ayni shu uchta banknotning o‘lchami ham teppa-teng.

O‘lchamlar haqida gap ketganda pullar ixchamlashayotganini aytib ketmasak bo‘lmaydi. Hajm jihatdan yangi pullar uch guruhga bo‘linadi. 1-guruh eng kichik pullar: 2 ming va 5 ming so‘mliklar. 2-guruh – 10 ming, 20 ming va 50 ming so‘mliklar. 3-guruh – 100 so‘mlik eng kattasi. Pullarning uzunligi guruhdan guruhga 5 millimetrdan oshib boradi.

Shu bilan birga, bu oltita yangi pulning hammasining eni teng – 69 millimetr. Bu – dollar kupyuralaridan 3 millimetrga katta degani. Hamyon ishlatishga odatlanganlar uchun bu yaxshi yangilik. Chunki eski so‘mlar dollarga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan hamyonlarga sig‘mas edi.

Ayni shu hajm tomondan dollar bilan yana bir marta solishtirib ketsak. Yaxshi bilasiz, dollar kupyuralarining hammasi nominal qiymatidan qat’i nazar teng o‘lchamda. Yangi so‘mlarning esa faqat eni bir xil, uzunligi esa aytib o‘tganimizdek uch xil.