Yaqin tarixning dalolat berishicha, har qanday mamlakatning taraqqiy etishi yoki inqirozli vaziyatga tushib qolishi, bir tomondan, global va mintaqaviy darajadagi o‘zgarishlarga, ikkinchi tomondan, mamlakat ichida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar bilan uzviy bog‘liqdir. Tarix sabog‘i yana shundaki, mamlakatda beqarorlik avj olishi hamda (bozor munosabatlariga xos davriy) inqiroz chuqurlashuvi tizimli ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul holati eng quyiga yetganda emas, balki undan chiqish davrida yuz beradi.

Yangi 2022 yilning ilk kunlarda yaqin qo‘shni bo‘lgan Qozog‘istonda yuz bergan halokatli jarayonlar, qardoshlar boshiga tushgan falokat haqida davlat rahbarlari va mutaxassislardan tortib, oddiy shaxslargacha o‘z munosabatini, ayrim hollarda g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan holda, baho berishga intilishmoqda. Bu «taxminlar» asosli yoki asossiz ekanligini aniqlash uchun yuzaga kelgan qaltis vaziyatning asl sabablari va bahonalariga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.

Yangi asr boshida jahon miqyosida yuz bergan iqtisodiy va moliyaviy inqirozlar, pandemiyaga qo‘shilgan holda barcha davlatlarning ijtimoiy-siyosiy hayotiga salbiy ta’sir qildi. Jumladan, bu holat Markaziy Osiyo davlatlari orasida jahon iqtisodiyotiga eng ko‘p integratsiyalashgan hamda xalq xo‘jaligi xomashyoga ixtisoslashib qolgan Qozog‘istonni ham chetlab o‘tmadi.

2020 yilga kelib jahon miqyosida kutilayotgan navbatdagi iqtisodiy inqiroz pandemiyaga qo‘shilgan holda barcha davlatlardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni murakkablashtirdi. Pandemiya sababli joriy qilingan harakatlanish cheklovlari iste’mol talabi va investitsiyalar hajmi qisqarishiga olib keldi. Jumladan, Qozog‘istonda inflatsiya o‘sishi (2021 yil noyabr holatiga yillik inflatsiya ko‘rsatkichi deyarli 9 foiz, 2020 yilda — 6 foiz) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi va milliy valuta tenge qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi.

Iqtisoddagi xastaliklar ijtimoiy sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari hayot darajasi tushib ketdi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya cheklovlari bandlik va daromadlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi oqibatida 2020 yilda mamlakatda qashshoqlik darajasi 14 foizgacha oshdi.

Shu o‘rinda, Qozog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul negizida geosiyosiy jarayonlar yotganini ham qayd etish zarur. Ya’ni Ukraina sababli G‘arb davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlar ham shimoliy qo‘shnisi bilan integratsiyalashuv darajasi yuqori bo‘lgan Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Vanihoyat, oxirgi yillarda qardosh mamlakatning siyosiy hayotida kuzatilgan o‘zgarishlar – ya’ni qo‘sh hokimiyatchilik shakllanishi ijtimoiy-iqtisodiy tanglik avj olgan sharoitda mamlakat barqarorligiga tahdid solishi tabiiy edi. Xullas, yangi asr boshlaridan yig‘ilib kelgan obektiv qiyinchiliklar va muammolardan foydalangan holda uning omillarining konstruktiv yechimini topish va hal etish o‘rniga, mamlakatdagi ayrim destruktiv kuchlarga vaziyatni izdan chiqarishga bahona kerak bo‘ldi.