Qaysi imtiyoz haqida gap ketyapti?

2021 yilning 10 oktyabridan 31 dekabrigacha tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka va muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan edi.

2021 yil oxirida bu imtiyozlar muddati yana 4 oyga uzaytirilishi borasida signal yangragach, 2022 yilning 11 yanvarida imtiyozlar muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2-o‘qishda qabul qilindi.

Kun.uz imtiyozlarning birinchi davrida bu chora mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarba bo‘lishi va imtiyozli davr tugaganidan keyin narxlar ko‘tarilishiga olib kelishi borasidagi mulohazalarni yoritgan edi.

QQS imtiyozi uzaytirilishi biznesda yana xavotirlar uyg‘ota boshladi. Endi faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar emas, go‘sht import qiluvchilar ham imtiyozdan foyda yo‘qligini ta’kidlamoqda.

“Narx tushadi, qachonki ichki ishlab chiqaruvchilar uchun ham QQS olib tashlansa”

O‘zbekiston import qilayotgan go‘shtning 82 foizi Belarusdan olib kelinmoqda. Bu mamlakatdan go‘sht olib keladigan tadbirkorlardan birining Kun.uz'ga aytishicha, QQS imtiyozidan faqat O‘zbekistonga go‘sht eksport qiladigan mamlakat foydalanib qoladi.

“Imtiyozlar ichki bozorni arzonlashtirmaydi hech qachon. Imtiyoz qo‘llandi deyishi bilan darrov (O‘zbekistonga) go‘sht eksport qiluvchi davlatlar  narxni ko‘taradi. O‘tgan safar (oktyabr-dekabrdagi imtiyozli davrda) xuddi shu holat kuzatildi. Umumiy holatda narx 2-3 so‘m arzonlashgandek bo‘ldi, biroq yana joyiga kelib oldi. Shaxsan men uchun bu imtiyoz kerak emas edi, chunki bu narsadan chet el kombinatlari foydalanib qoladi.

Agar ichki bozordagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham QQS olib tashlansa, unda haqiqatan ham narx tushadi. Chunki mendan mahsulot sotib oluvchi ichki bozordagi debitorlar go‘sht olmay qo‘ydi. Qozog‘istondan kirib kelayotgan go‘shtni olishga harakat qilishmoqda. Sababi Belarus go‘shti sifatli bo‘lgani bilan, Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida masofa uzoqligi sabab go‘shtning yaroqlilik muddati kamayadi; saqlash muddati 16 kun bo‘lsa, kirib kelishining o‘ziga 10 kun vaqt ketadi. Uni sotishga bizda 5-6 kun vaqt qoladi. Toza havoga olib chiqib qo‘ysak, 1-1,5 kunda go‘sht qorayib qoladi.