O‘zbekiston | 21:10 / 26.01.2022
66799
13 daqiqa o‘qiladi

Operatsiya vaqtida o‘chib qolgan “svet”, parovoz yetovidagi “Afrosiyob” va boshqalar - Markaziy Osiyoda blekaut qanday kechdi?

25 yanvar kuni Qozog‘istonning janubiy qismi, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning esa deyarli barcha hududlari elektrdan uzilib qoldi. Mintaqaning yirik shaharlari blekautni qanday boshdan kechirdi? Ushbu maqolada shu haqda so‘z yuritamiz.

Garchi Markaziy Osiyo mamlakatlarida turmush tarzi bosqichma-bosqich avvalgi holatiga qaytayotgan, energiya ta’minoti tiklanayotgan bo‘lsa-da, blekaut ko‘p narsani izdan chiqardi.

Hozircha energiya ta’minotidagi uzilishning iqtisodiyotga yetkazgan zarari ma’lum emas. Barchasi izga tushgach, bu raqamlar hisob-kitob qilinib, ochiqlansa kerak.

O‘zbekiston

25 yanvar kuni soat 11:00 atrofida Toshkent shahrining qariyb barcha tumanlarida elektr energiyasi uzilib qoldi. Keyinchalik nafaqat poytaxt, balki O‘zbekistonning aksariyat hududi “svet”siz qolgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonning bir qancha yirik shaharlari ham elektr ta’minotisiz qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi akademiyasi bo‘limi boshlig‘i, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis G‘ayrat Musayev Kun.uz bilan suhbatda blekautni yuzaga keltirgan taxminiy versiyalardan biri hakerlar hujumi bo‘lishini inkor etmadi.

Energetik kollaps metro harakati va suv ta’minotida ham muammolarni keltirib chiqardi. Kutilmaganda sodir bo‘lgan uzilish tufayli Toshkent metropolitenining ishi to‘xtatildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Keyinchalik harakatlanib ketayotgan metro vagonlari bekatlar orasida qolib ketgani ma’lum bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, “Toshkentmetropoliteni”ning “Mashinasozlar” (135 nafar), “Bodomzor-Minor” (70 nafar) va “Amir Temur” (210 nafar) bekatlari oralig‘ida (vagonlar ichida) qolib ketgan jami 415 nafar yo‘lovchi olib chiqilgan.

Yo‘lovchilar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda “bunaqasi hech qachon bo‘lmagani”ni ta’kidlashdi.

Blekaut poyezdlar qatnoviga ham ta’sir qildi. Qator yo‘nalish bo‘yicha harakatlangan poyezdlarning manziliga yetib borishi kechikkan bo‘lsa, 25 yanvar kuni Qarshi, Termiz, Qo‘ng‘irot va Buxoro shaharlaridan Toshkentga borishi kerak bo‘lgan yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” va boshqa elektrlashtirilgan yo‘nalishlardagi poyezdlar harakati to‘xtatildi.

Ijtimoiy tarmoqda tezyurar Afrosiyob poyezdini “parovoz” tortib ketayotgani aks etgan video tarqaldi.

Keyinchalik Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi temiryo‘l vokzallarida elektr ta’minoti qayta tiklangani bois, 26 yanvardan “Afrosiyob” poyezdlari qatnovi, kechki paytga borib Toshkent shahridagi Shimoliy va Janubiy vokzallar faoliyati tiklangani xabar qilindi. Shu kuni tongdan Toshkent metrosi faoliyati ham tiklandi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Elektr energiyasi tarmoqlarida ro‘y bergan uzilishlar oqibatida Toshkent shahrida liftda qolib ketgan 51 nafar fuqaro kommunal soha tashkilotlari va qutqaruvchilar tomonidan chiqarib olindi. Jumladan, Termiz shahrida liftda 1 soatdan ortiq vaqt davomida qamalib qolgan 6 yashar qizaloq qutqaruvchilar tomonidan qutqarildi.

Qutqaruvchilar Chimyon va Bildirsoyda elektr energiyasi uzilgan vaqtda osma yo‘llarda qolib ketgan 80 kishini qutqardi. Amirsoy kurortida esa elektr tezda qayta tiklangani uchun FVV yordamiga ehtiyoj bo‘lmadi.

Energokollaps avtomobillar qatnoviga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Toshkent yo‘llarida tirbandlik yuzaga kelmoqda. Toshkent shahridagi ko‘plab svetoforlar ishlamay qoldi, buning oqibatida yo‘llarda ma’lum muddat tirbandliklar yuzaga keldi.

Biroq IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari zudlik bilan vaziyatni qo‘lga olib, svetoforlar ishlamayotgan chorrahalarda avtomobillar harakatini tartibga solishdi. Toshkent shahar IIBB zarurat bo‘lmasa shaxsiy avtomobillardan foydalanmaslikni so‘rab chiqdi.

IIV mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti uzilishi munosabati bilan barcha shaxsiy tarkib jamoat xavfsizligi va yo‘llarda tartib saqlash, shuningdek, fuqarolar mulklarini qo‘riqlash ishlariga jalb etilganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

25 yanvar kuni respublikada mavjud patrullik yo‘nalishlariga qo‘shimcha ravishda 6600 dan ziyod yo‘nalishlar tashkil qilingan, 1400 dan ortiq maxsus avtotransport va 12 ming nafardan oshiq shaxsiy tarkib xizmatga jalb etilgan. Vazirlik fuqarolardan xavfsizlik choralari vaqtincha kuchaytirilganini to‘g‘ri qabul qilgan holda, xodimlarning talablariga so‘zsiz rioya qilishlarini va imkon qadar tungi vaqtlarda uyda bo‘lishlarini iltimos qildi.

Kun.uz blekaut vaqtida yo‘l-patrul va patrul-post xizmati qanday ishlagani haqida videolavha tayyorladi.

“Qamchiq” dovonidagi avtoyo‘l tunnellarida o‘chib qolgan yoritish tizimining faoliyati tiklanib, 2300 dan ortiq yengil va yuk avtomobillarining xavfsiz harakati ta’minlandi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Bundan tashqari, energokollaps sababli suv ta’minotida uzilishlar kuzatildi, O‘zbekiston aeroportlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, biroq bu jarayon qisqa muddat davom etib, samolyotlarni qabul qilish qayta yo‘lga qo‘yildi.

Foto: uzbairporsuz / Telegram

O‘zbekistonda prezident topshirig‘iga binoan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan birinchi navbatda generatsiya jarayonini tiklash hamda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlariga kuchlanish berish orqali iste’molchilarning elektr ta’minotini tiklash vazifasi qo‘yildi.

25 yanvar kechga borib isitish tizimini tiklash harakatlari ketayotgani, soat 18:00 holatiga respublika bo‘yicha vazirlik tizimidagi 500 ta qozonxonadan 80 tasi faoliyatini tiklagani ma’lum qilindi. Soat 19:00 da Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Toshkentda 6 soat ichida suv ta’minoti to‘liq tiklanishi haqida xabar berdi va aytilgan muddatda ichimlik suvi ta’minoti qayta tiklandi.

Energetika vazirligi soat 19:30 holatiga respublika bo‘ylab elektr energiyasi tiklangan hududlar ro‘yxatini e’lon qildi. Soat 21:30 da Toshkent shahrida energota’minoti 60 foizga, soat 21:50 holatiga respublika bo‘yicha elektr energiyasi ta’minoti 45 foizga tiklangani ma’lum qilindi, birozdan so‘ng Qashqadaryo hamon butkul “svet”siz qolayotgani ochiqlandi.

26 yanvar tongidan esa yoqilg‘i muammosi paydo bo‘ldi. Tabiiy gaz asosan aholi ehtiyojlari va issiqlik elektr stansiyalariga yo‘naltirilgani sababli “gaz-zapravkalar” va ijtimoiy ahamiyati kam yuridik iste’molchilarga vaqtincha gaz berilmayapti.

Kun davomida, shuningdek, tabiiy gaz bosimi pasaydi, ayrim hududlar esa gazsiz qoldi. Buning sababi – elektr o‘chishi sabab gazni qayta ishlash zavodlari faoliyati to‘xtagan edi. O‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ham gaz kerak (O‘zbekistonda 80 foizdan ortiq elektr energiyasi IESlarda ishlab chiqariladi), shu sababli ham tabiiy gaz birinchi navbatda IESlar va xonadonlarga yo‘naltirilmoqda.

Qozog‘iston

25 yanvardagi yalpi elektr uzilishlaridan oldin ham, Qozog‘istonda energetika muvozanatini saqlab turish bilan bog‘liq “tarang vaziyat” hukm surgani oydinlashdi. Mamlakatning bosh energooperatori shu sababli to‘rt kun oldin kriptomaynerlarni ogohlantirib, ular bir haftaga elektr tarmog‘idan butkul uzilishini ma’lum qilgan.

Ekspert Mixail Belyayev O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika tizimidagi uzilishlar Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan kriptovaluta ishlab chiqaruvchi mayning fermalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda mayning fermalar faoliyati taqiqlanganidan so‘ng ularning katta qismi Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan.

Mayning fermalarda kriptovaluta ishlab chiqarish uchun juda ham yuqori darajada elektr energiya talab qilinadi. Yaqinda Rossiya Markaziy banki tomonidan mayning fermalar faoliyati taqiqlanishi to‘g‘risidagi xabar ortidan rossiyalik maynerlar Qozog‘iston hududiga ko‘chib o‘tgan. Qozog‘iston hozir kriptovaluta ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Qozog‘iston parlamenti deputati Yerjan Xudaybergen energokollaps yuzaga kelishida maynerlarni ayblab chiqdi va ularning faoliyati ustidan nazorat kuchaytirilishini talab qildi.

Foto: Ardak Kultayev / kaz.tengrinews.kz

Blekaut sababli Qozog‘istonning Olmaota, Chimkent, Taroz, Jambil va Turkiston viloyatlari ham “svet”siz qoldi. Natijada ushbu shaharlarda ham svetoforlar ishlamay qolgan.

Olmaota, Foto: megapolis.kz / Instagram

Qozog‘istonning asosiy elektr tarmoqlari operatori – KEGOC kompaniyasi avariya oqibatlari bartaraf etilayotgani, energiya ta’minotini tiklash uchun ishlab chiqarish hajmi 500 megavattdan 1500 megavattgacha oshirilganini ma’lum qildi.

Foto: Tengrinews.kz

Olmaota shahrida “svet” o‘chgani sababli trolleybuslar qatnovi to‘xtab qolgani xabar berildi. Lekin Toshkentdan farqli o‘laroq bu yerda metro faoliyatini davom ettirgan. Shuningdek, shaharda aeroport va vokzal faoliyati ham odatdagi rejimda ishlab turgan.

Blekaut sababli mobil aloqa va internet sifati yomonlashgan, mobil operatorlar qo‘shimcha generatorlardan foydalanishga majbur bo‘lishgan.

25 yanvar soat 15:00 da Olmaotada, kechga borib esa butun Qog‘og‘iston bo‘yicha elektr energiyasi ta’minoti tiklangani xabar berildi.

Qirg‘iziston

Blekaut natijasida Qirg‘izistonning Bishkek shahri, Norin, O‘sh, Jalolobod, Cho‘y va Issiqko‘l viloyatlari energiya ta’minotidan to‘liq uzilib qoldi. Natijada ushbu hududlarda svetoforlar, bankomatlar, trolleybuslar ishlamay qolgan.

Foto: everydaybishkek / Instagram
Foto: everydaybishkek / Instagram

Internetda energiya ta’minotidagi uzilishlar yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga ham ta’sir o‘tkazgani, “zapravka”larda katta navbatlar yuzaga kelgani aks etgan suratlar tarqaldi.

Foto: Gazeta.uz

Chunqurchak tog‘-chang‘i bazasida elektr o‘chgani sababli odamlar dor yo‘lida qolib ketdi.

Pz5cH0JO0DiVDuvwuEazJ55vDHDV9Z_0.jpg (590×885)
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Bishkekshaharlift”ning ma’lum qilishicha, poytaxtdagi ko‘p qavatli binolarda svet o‘chgan vaqtda 40 kishi liftda qamalib qolgan.

Foto: EPA
Foto: EPA

Ta’minotdagi uzilish sababli “Manas” xalqaro aeroportida yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish ma’lum muddat to‘xtatib qo‘yildi. Biroq ko‘p o‘tmay zaxira generator ishga tushirilib, ro‘yxatga olish tiklandi. Mamlakatdagi aeroportlar odatdagi rejimda faoliyat yuritishda davom etdi.

Energokollaps tufayli Bishkek bir necha soat ichimlik suvisiz qolib ketdi. Bunga nasoslar ishlamay qolgani sabab qilib ko‘rsatildi. Savdo-sotiq faoliyatida ham qiyinchiliklar kuzatildi, odamlar faqat naqd pulga savdo qilishga majbur bo‘lishdi.

Foto: AFP

Bishkekda buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyoti bo‘layotgan vaqtda “svet” o‘chib qolgani, shifokorlar qo‘l telefonlari yorug‘ida operatsiyani davom ettirishga majbur bo‘lishgani, keyin generator ishga tushib, amaliyot muvaffaqiyatli yakunlangani haqida xabar berildi.

Qirg‘iziston rasmiylari 25 yanvar soat 13:00 da elektrta’minotidagi uzilishlar hech qanday avariya bilan bog‘liq emasligi, ta’minot tez orada tiklanishini ma’lum qilishdi. Soat 13:30 da poytaxt aholisiga “svet” berila boshlandi. Biroq qirg‘iz nashrlarining yozishicha, halicha, issiqliq, elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklangani yo‘q, odamlar sovuqda qolishmoqda.

26 yanvar kuni Qirg‘iziston energetika vaziri Do‘squl Bekmurzayev ro‘y bergan hodisa bo‘yicha mamlakat parlamentida hisob berdi. Deputatlar undan nima uchun haligacha isitish tizimi faoliyati tiklanmagani, kollaps natijasida ko‘rilgan zarar qachon hisoblab chiqilishi bo‘yicha izoh so‘rashgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ro‘y bergan inqirozli vaziyatda hech bir xususiy GES aholiga energiya sotishni istamagan. Bekmurzayev, shuningdek, jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida nosozlik sabablarini davlatlararo komissiya o‘rganishini aytgan.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Mavzuga oid