O‘zbekiston | 12:32 / 11.02.2022
39416
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati IIB boshlig‘i ishdan olindi, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i qat’iy ogohlantirildi

Namangan viloyati IIB boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari YHXB boshliqlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga qat’iy ogohlantirish berildi.

Namangan viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Odil Otaxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda ma’lum qilindi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i Shuhratjon Sotvoldiyevga qat’iy ogohlantirish berilgan, Andijon va Samarqand viloyatlari YHXB boshliqlari ishdan olingan.

Odil Otaxo‘jayev 2017 yil noyabridan buyon Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlayotgandi.  U 2015-2017 yillarda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan.

Odil Otaxo‘jayev

Shuhratjon Sotvoldiyev 2019 yil oktyabrida Qashqadaryo viloyati IIB rahbarligiga tayinlangandi. U muqaddam Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan.

Shuhratjon Sotvoldiyev

«Xavfsiz va ravon yo‘l» tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektorda ma’lum qilinishicha, 2021 yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo‘l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta avariyada odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Prezidentning ma’lum qilishicha, ushbu tuman va shahar hokimlari, ichki ishlar boshliqlari va prokurorlari ishdan olinib, uch oy sinov muddati berildi. Agar ular ushbu muddatda o‘zgarish qilmasa, javobgarlikka tortiladi.

Shu bilan birga, bunday favquloddagi holatga nisbatan Oliy Majlis, mahalliy kengashlar deputatlarining ovozi eshitilmayotgani, Senat, Qonunchilik palatasi, kengashlar yo‘l harakati xavfsizligini biror marta muhokama qilmagani qayd etildi.

«Nimaga hokimlar, ichki ishlar, «GAI», transport sohasi rahbarlarining hisoboti eshitilib, mas’uliyati ko‘rib chiqilmagan? Shuning uchun bu muhim masala bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanishga majbur bo‘ldim», dedi davlat rahbari.

 

 

Mavzuga oid