AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida zamonaviy Rossiya ilgari Rossiya imperiyasining bir qismi bo‘lgan hududlarga da’vo qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Ukraina, Fransiya va Yevropa ittifoqi tashabbusi bilan chaqirilgan yig‘ilish Rossiya Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olgani e’lon qilinganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Seshanbaga o‘tar kechasi tegishli loyiha ratifikatsiya qilish uchun davlat dumasiga taqdim etildi.

Tomas-Grinfild o‘z nutqida prezident Vladimir Putinning rossiyaliklarga murojaati haqida eslatib, Moskva «Rossiya imperiyasining barcha hududlariga da’vogarlik qilishi» mumkinligidan ogohlantirdi.

«Gap sovet ittifoqidan oldin, 100 yil avval mavjud bo‘lgan Rossiya imperiyasi haqida ketyapti. Bu butun Ukrainani o‘z ichiga oladi, unga Finlandiya, Belarus, Gruziya, Moldova, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Litva, Latviya va Estoniya kirgan. Bu Polsha va Turkiyaning bir qismini ham qamrab oladi.

Aslini olganda, Putin dunyo Birlashgan millatlar tashkiloti mavjud bo‘lmagan davrga, dunyoda imperiyalar hukmronlik qilgan davrga qaytishini istaydi. Biroq, dunyoning qolgan qismi oldinga o‘tib ketgan», deya ma’lum qildi u.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassdagi vaziyat borasida rossiyaliklarga qilgan murojaati davomida Ukrainani nafaqat qo‘shni davlat, balki Rossiya tarixining bir qismi deb aytgandi.

«Yana bir bor ta’kidlayman Ukraina biz uchun — shunchaki qo‘shni mamlakat emas, u tariximiz, madaniyatimiz, diniy makonimizning ajralmas qismi, ular bizning o‘rtoqlarimiz, yaqinlarimiz», dedi Rossiya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hech qachon o‘z davlatchilik an’analariga ega bo‘lmagan.

Bundan oldin, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning LXR va DXR mustaqilligini tan olish haqidagi qarori fonida ukrainaliklarga murojaat qildi