“Andijonquduqta’mirlash” jamiyati 1952 yilda Marhamat tumani Polvontosh shaharchasida tashkil etilgan. 70 yillik tajribaga ega bo‘lgan korxona 20 million AQSh dollar miqdorida investitsiya kiritgan yangi ta’sischi bilan Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi mavjud neft va gaz konlarida quduqlarni to‘la va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Korxona tug‘ilgan kunida respublika yetakchi jurnalist va blogerlari, jamoatchilik vakillari uchun press-tur tashkil qildi. Tadbir ishtirokchilari “Andijonquduqta’mirlash” MChJ faoliyati bilan ish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, yaqindan tanishdi.



O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi PQ-4388-son qaroriga asosan “O‘zbekneftgaz” milliy holding kompaniyasi tasarrufiga kiruvchi servis tashkilotlar ustav kapitalidagi ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.
2020 yil 1 oktyabrda jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushlari investor Davron Sulaymonov tomonidan sotib olindi. Jamiyatning ishlab chiqarish-iqtisodiy faoliyatini yaxshilash maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Korxona moddiy texnika bazasini qayta modernizatsiya qilish maqsadida investor tomonidan kiritilgan katta sarmoya hisobiga maxsus texnika, to‘la va joriy ta’mirlash jarayonida zarur bo‘ladigan zamonaviy asbob-uskunalar, jihozlar, jumladan burg‘ilash quvurlari sotib olindi.
“Ish boshlaganimizdan buyon korxonaga 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritdik. Ikkita brigada bilan faoliyat yuritayotgan jamiyatda mana hozir 12 ta brigada shakllandi. Ishchi-xodimlar soni 132 nafardan 560 nafarga yetdi. Xitoy va Rossiyadan zamon talabidagi quduqlarni kapital-ta’mirlash stanoklarini olib keldik.
Ayni paytda “Andijonquduqta’mirlash” jamiyati burg‘ilash va ta’mirlash sohasida 30 ga yaqin zamonaviy maxsus texnikaga, 20 dan ortiq ta’mirlash uskunalariga ega. Ishchi-xodimlarning vaxta rejimida ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan”, deydi Davron Sulaymonov.
























