O‘zbekiston | 20:34 / 05.03.2022
46776
15 daqiqa o‘qiladi

Qizlarga tekin magistratura, barcha ayollarga dekret puli va qimmatlashgan avtomobillar - hafta dayjesti

Dekret puli, bog‘cha puli va universitet kontrakti bo‘yicha yengillik olayotgan xotin-qizlar, narxlarni oshirgan UzAuto Motors, yana muhokamalarga sabab bo‘lgan haydovchilik guvohnomasi va kengayishda davom etayotgan hukumat. Kun.uz yakunlanayotgan haftaning muhim mavzulari dayjestini taqdim etadi.

Urushni oqlab bo‘lmaydi

Haftaligimiz avvalida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

O‘n kundan beri davom etayotgan urush allaqachon minglab odamlarni hayotdan olib ketdi. Milliondan ortiq inson vatanini tark etishga majbur bo‘ldi. Kimdir yolg‘iz o‘g‘lidan ayrildi, kimdir yolg‘iz suyanchini yo‘qotdi, yuzlab bolalar yetim qoldi. Millionlab odamlar xavotirda yashayapti, narx-navo ko‘tarilyapti, jinoyat va yolg‘on, adolatsizlik va erksizlik quloch yozyapti.

Urushni oqlab bo‘lmaydi. Urushni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Afsuski, urushning oqibatlarini hech kim unga sabab bo‘lganlarchalik kamroq his etmaydi. Oqibatlarni eng ko‘p siyosatdan yiroq oddiy insonlar o‘z hayotlarida – yo bir umrga nogiron bo‘lib qolish bilan, yo biror yaqinini yo‘qotish bilan, yoki kambag‘allashishi bilan his etadi.

Biz Rossiyaning Ukrainaga hujumini xolis va umume’tirof etilgan insonparvarlik prinsiplari asosida yoritib boryapmiz. Haftalik dayjestimizda esa bu haqda to‘xtalmoqchi emasmiz. Tomonlar imkon qadar tezroq muzokaralar orqali o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olishlariga astoydil umid qilib qolamiz.

Ta’kidlashni istardikki, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda izohlarni kuzatib, bosqinni oqlayotgan hamyurtlarimiz ko‘pligidan chuqur afsusdamiz. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, urushni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bir guruh insonlar qabul qilgan qarorlar uchun buni oqlayotganlar ham, qoralayotganlar ham, hatto betaraflar ham birgalikda tovon to‘laydi. Chunki urushda g‘olib bo‘lmaydi.

***

Xotin-qizlarga bayramoldi tuhfalar

Hafta davomida yangragan eng yaxshi yangiliklardan biri – xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga dekret puli qisman davlat tomonidan to‘lanadigan bo‘ldi. Prezident topshirig‘iga asosan, bunday tartib 1 sentyabrdan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.

Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda, homiladorlik nafaqasi sababli xususiy sektorda ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari borligini afsus bilan qayd etdi. Yangi tartib o‘rnatilgach, xususiy sektordagi ayollarga 4 oyga 2 million so‘m miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi budjetdan to‘lab beriladi.

Yig‘ilishda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa choralar ham belgilandi. Masalan, O‘zbekistonda davlat oliygohlarining magistraturasida o‘qish qizlar uchun tekin deb e’lon qilindi. Bu tartib 2022/23-o‘quv yilidan kuchga kiradi. 23 ming nafar bo‘lajak magistrant qizning kontraktini to‘lashga budjetdan 200 mlrd so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavriatga, 10 nafari magistraturaga yuboriladi. Har bitta viloyatda ehtiyojmand oiladagi qizlardan 150 nafarining kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi. Yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi. Doktoranturada xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi. Shuningdek, to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi, joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.

Yana bir muhim yangilik: Ehtiyojmand va yolg‘iz ayollar farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovlari budjetdan qoplab beriladi. Yirik ishlab chiqarish korxonalari bog‘cha tashkil qilsa, ulardagi tarbiyachilarning ish haqini davlat o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, 27 ming nafar ayolning uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha rejalar belgilab olingan.

***

UzAuto avtomobillar sotuvini boshladi, narxlar ko‘tarildi

Ikki yarim oylik tanaffusdan keyin, UzAuto Motors avtomobillar sotuvini tikladi. Kutilganidek, narxlar oshirildi. Spark, Nexia va Cobalt 10 foizga, Gentra 12 foizga qimmatlashdi.

Aslida, yangi mashina olish niyatidagi xaridorlarning bir qismi uchun narxlar 10-12 foizga emas, undan ancha ko‘proqqa oshdi deyish mumkin. Chunki budjet modellar – Spark, Nexia va Cobalt'ning nisbatan arzonroq mexanik uzatmali komplektatsiyalari hamon sotuvda yo‘q. Bu yerda yarimo‘tkazgichlar muammosi sabab bo‘la olmaydi; aftidan, kompaniya butlovchi qismlar yetishmovchiligi bahonasida ko‘proq foyda qoladigan avtomat uzatmali mashinalarini ko‘proq sotishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Prezident topshirig‘iga binoan, oldindan to‘lov miqdori 85 foizdan 50 foizga tushirilgan. UzAuto Motors Nexia'ni atigi bir necha kun ichida, Cobalt'ni esa keyingi oydayoq yetkazib berishni va’da qilyapti. Kompaniya xabariga ko‘ra, sotuv boshlangach bir necha soat ichida 13 mingta avtomobil uchun shartnoma qilingan, shundan salkam yarmi – Gentra xaridiga oid.

Ma’lum bo‘lishicha, sotuvning birinchi kunidagi shartnomalarning 52 foizi olibsotarlar bilan tuzilgan bo‘lishi mumkin. Bu yerda ikki va undan ortiq avtomobilga buyurtma berganlar haqida gap ketyapti. 3 mart kuni 35ta avtomobil uchun shartnomalar tuzgan xaridor bu borada rekordchi bo‘lgan. Kompaniya bu kabi holatlarga qarshi kurashish uchun shartnomaga yangi band kiritdi; unga ko‘ra, xaridor birinchi buyurtma bergan mashinasi hali salondan chiqmay turib yana boshqa mashinaga buyurtma bersa, ikkinchi va undan keyingi buyurtmalarni yetkazib berish muddati yarim yilga cho‘ziladi.

Avvalroq, UzAuto Motors'dan sotib olingan mashinalar “GAI”da faqat xaridor nomiga rasmiylashtiriladigan tartib o‘rnatilgandi. Shu kabi yo‘llar bilan olibsotarlarga qarshi kurashish qanchalik to‘g‘ri, ochig‘i bilmadik, lekin shunisi aniqki, muammoning yechimi bu emas. Eng oddiy va to‘g‘ri yechim: simptomlar bilanmas, sabablar bilan kurashishdir.

Biroq so‘nggi voqealar shuni ko‘rsatadiki, hozircha hukumat sabablarga qarshi kurashishni, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llashni bas qilishga shoshilayotgani yo‘q. Yaqinda ma’lum bo‘lishicha, UzAuto Motors budjetga 3 foizlik yig‘im va import bojiga qo‘shib, utilizatsiya yig‘imini ham to‘lamayotgan bo‘lishi mumkin. Bir guruh deputatlar bu borada Moliya vazirligi va Bojxona qo‘mitasiga kiritgan so‘rovga, ikki yil oldin bo‘lgani kabi, yana maxfiy javob kelgan.

***

Haydovchilik guvohnomasi atrofidagi muhokamalar

Hafta davomida haydovchilar uchun bir nechta boshqa yangiliklar ham paydo bo‘ldi. 1 martdan boshlab, haydovchi biometrik pasport yoki ID-kartasi yonida bo‘lsa, boshqa hujjatlarni YPX xodimiga ko‘rsatishi shart emas.

Biz bu yangi tartibni olqishlagan holda, mas’ullarga qonunchilikdagi ayrim xatoliklarni to‘g‘rilashni eslatgan bo‘lar edik. Masalan, haydovchilarga nafaqat pasport yoki ID-karta, balki birgina haydovchilik guvohnomasini yonida olib yurish huquqini ham berish kerak. Chunki aslida haydovchilik guvohnomasi ham, pasport va ID-karta kabi, shaxsni tasdiqlovchi hujjat maqomiga ega.

Bundan tashqari, qonunda pasport yoki ID-karta deyilgan bo‘lsa-da, hukumat qarorida faqat ID-karta ko‘rsatilgani tushunmovchiliklarga sabab bo‘lyapti. Ya’ni, qonun bo‘yicha, haydovchi YPX xodimiga faqat pasportini taqdim etish huquqiga ham ega, amalda esa xodimlar yo ID-karta, yo an’anaviy hujjatlar to‘plamini taqdim qilishni so‘rayotgan holatlar uchrayapti.

Tugayotgan haftada, haydovchilarga oid qonunchilikda tuzatish kiritish kerak bo‘lgan yana bir holat borligi ayon bo‘ldi. Bu – haydovchilik guvohnomasi yo‘qotib qo‘yilsa, yangisini olish uchun imtihon topshirish kerakligi. Internetdagi muhokamalardan keyin ma’lum bo‘lishicha, bunaqa qoida 1998 yildan beri amal qilib keladi. Ya’ni bu yangi qoida emas.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning taxmin qilishicha, bu tartib firibgarlik va soxta haydovchilik guvohnomalari berilishining oldini olish maqsadida joriy etilgan. Ya’ni umuman “prava”si yo‘q odam, “yo‘qotib qo‘ydim” deb aldab, o‘rniga yangisini ololmasligi uchun qilingan. Chunki 90-yillarda buni tekshirishning imkoni bo‘lmagan yoki soxtalashtirish oson bo‘lgan.

Hozir esa bunaqa muammo yo‘q: haydovchilik guvohnomasini kim, qachon, qayerda olgani elektron bazada bor va buni tekshirish juda oson. Shu sababli guvohnomasini yo‘qotib qo‘ygan haydovchidan imtihon olish tartibini bekor qilish kerak. Axir “prava” yo‘qotib qo‘yilgani bu o‘sha haydovchining malakasi va bilimi ham yo‘qolib ketdi, degani emas-ku, deydi huquqshunos.

Darvoqe, 1 martdan boshlab guvohnomangizni yo‘qotib qo‘ysangiz, buni sezdirmay yurishingiz ham mumkin: rulga o‘tirganingizda pasport yoki ID-kartangizni o‘zingiz bilan olib yursangiz bo‘lgani.

***

Hukumat kengayishda davom etmoqda

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi organlari soni ikki hafta ichida ikkitaga ko‘paydi. Avvaliga Turizm va sport vazirligi yana ikkiga bo‘linib, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi tuzildi. Ko‘p o‘tmay Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Shuningdek, Xotin-qizlar va oila ishlari davlat qo‘mitasi ochildi.

Aftidan, ixcham va samarali hukumat tashkil etish masalasi butkul kun tartibidan olib tashlangan. Davlat boshqaruvi apparati kengaygandan kengayib boryapti. Yangidan yangi vazirliklar, agentliklar, qo‘mitalar tuzilyapti; barcha viloyatlar, tumanlar va shaharlarda ularning bo‘limlari tashkil etilyapti.

Biroq yaxshi yangiliklar ham bor. Bir necha yildan beri kechikib kelayotgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun Qonunchilik palatasida qabul qilindi. Bu qonun davlat organlarida ishlayotgan 120 mingdan ortiq harbiy bo‘lmagan rahbar va xodimlarga taalluqli.

Qonun bilan davlat xizmatining muhim institutsional asoslari belgilangan, biroq ularning amalda ishlab ketishi ehtimoli yuqori emas, shu sabab hujjatning eng asosiy amaliy normalari – taqiqlar mavzusiga to‘xtalsak.

Qonunni Senat ma’qullab, prezident imzolasa, davlat xizmatchilariga nafaqat tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, balki korxona muassisi bo‘lish ham taqiqlanadi. Agar bu qoida amalda ishlasa, ko‘plab davlat xizmatchilari o‘zlariga qarashli korxonalar egaligini rasman topshirishlari kerak bo‘ladi. Albatta, eng taniqli amaldorlarimiz ham shular jumlasidan.

Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga o‘zining yaqin qarindoshini ishga olish va yaqin qarindoshining bo‘ysunuvida ishlash ham taqiqlanadi. Bu qoida quda-andachilik rishtalariga ega shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi.

Davlat xizmatchilariga pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish man etilishi kutilyapti. Ular o‘z mavqeyidan foydalanib yoki o‘z xizmat vazifasini bajarish evaziga har qanday turdagi mukofot yoki sovg‘a olishi man etiladi. Shuningdek, davlat ishiga kirganlar O‘zbekistondan tashqarida biror bir aktivga ega bo‘la olmaydi.

Fikrimizcha, bu qoidalarning amalda qanchalik ishlashi ikki narsaga bog‘liq: qonunni buzganlik uchun jazo muqarrarligi va jazoning og‘ir-yengilligi. Buni biz, masalan, korrupsion holat – manfaatlar to‘qnashuviga oid yangi qonun misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan yili manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun jazo kiritilgan edi. Uzoq vaqt ishlamay kelgan o‘sha qonun yaqinda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovga kelganda ishlab ketdi va sud tayinlagan eng og‘ir qonuniy jazo istehzolarga sabab bo‘ldi: o‘z oilasiga tegishli kompaniyaga 1,8 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini bergani uchun 8,1 mln so‘m jarima.

Darvoqe, amaldorlarimiz hozircha o‘z kompaniyalarini birovning nomiga o‘tkazishga shoshilmasalar ham bo‘ladi, bemalol sovg‘a-salom olaverishlari ham mumkin. Davlat xizmatchilariga oid qonun normalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi haqida hozircha gap-so‘z yo‘q.

***

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Markaziy bank kutilmaganda rubl kursi bo‘yicha maqbul koridor belgilab, bir kundan keyin uni bekor qildi – iqtisodchilar bu qarorni qulayotgan rubldagi risklarni so‘mning bo‘yniga yuklash deb atagandi.

Urush boshlanganidan beri O‘zbekiston Ukrainadagi 3 mingga yaqin fuqarosini evakuatsiya qildi. Polsha prezidenti Anjyey Duda O‘zbekistonning bu boradagi xatti-harakatlarini o‘rnak qilib ko‘rsatdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro vaziyat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha reja ishlab chiqishga topshiriq berdi. Davlat rahbarining Islomobodga tashrifida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi.

Barcha davlat tashkilotlarida talabalarning ishlashiga ruxsat beriladigan bo‘ldi, prezident 1-, 2- va 3-kurs talabalarining kamida 30–40 foizini ishga joylash vazifasini qo‘ydi. 2050 yilga borib O‘zbekistonda tabiiy gaz, ko‘mir va neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanish to‘xtatilishi ma’lum qilindi.

Toshkentda ekoboshqarma ruxsati bilan daraxtzor kesib yuborildi. Navoiyda shifokor bemorning onasini jinsiy aloqaga majburlashi bilan bog‘liq holat ortidan uning rahbari ishdan olindi. Ichki ishlar vazirligi odamni yuzidan tanib oluvchi kamerali sun’iy intellekt tizimi ustida ish boshlaganini e’lon qildi.

***

Siz ortda qolayotgan haftaning Kun.uz talqinidagi eng asosiy mavzulari dayjestini tomosha qildingiz. Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz maroqli o‘tsin!

Mavzuga oid