O‘zbekiston | 17:17 / 03.03.2022
29457
5 daqiqa o‘qiladi

2050 yilga borib O‘zbekistonda tabiiy gaz, ko‘mir, neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanish to‘xtatiladi

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev / Foto: Kun.uz

2026 yilga borib O‘zbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga va shamol elektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi. Bu haqda Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan “Muqobil energiya manbalari – taraqqiyot poydevori” mavzusidagi anjumanda ma’lum qildi.

“O‘zbekiston dunyoning eng ilg‘or mamlakatlari tomonidan qabul qilingan uglevodorod neytralligi dasturiga qo‘shilgan. 2050 yilga kelib, mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalarida, shu jumladan, energetikada uglevodorod neytralligiga erishish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Bu – tabiiy gaz, ko‘mir, neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan to‘liq voz kechish deganidir. Bir qarashda bu uzoq muddatday ko‘rinadi, lekin bugungi kundagi energetika sohasida bo‘layotgan o‘tish jarayonini o‘zining ko‘lami va ahamiyati jihatidan bir vaqtlar qazilma boyliklar, neft va gaz qoplaganday o‘zgarishlar bilan solishtirish mumkin. Insoniyat hayoti keskin o‘zgardi. Ayniqsa sanoat va transport logistika sohasiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. 

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekistonda elektr energiyaga bo‘lgan talab g‘arb mamlakatlari bilan solishtirilganda, keskin farq qiladi. Chunki iqtisodiyotimiz hali elektr energiyasi bilan to‘yingan emas. Talabning o‘sish suratlari eng kamida yillik 11-12 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Bu 2030 yilga borib erishiladigan natijalardir. Bu degani biz hozirgi kundagi an’anaviy energetika manbalaridan to‘liq voz kechib, quyosh va shamol energetikasiga o‘tishimiz juda qiyin. Birinchi navbatda, o‘sib borayotgan talabni to‘yintirish zarur. Shunga asosan 2030 yilga qadar Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsadli ko‘rsatkichlar bor. Ya’ni, bu davrga qadar kamida 5 ming megavattli shamol elektr stansiyalari va 7 ming megavattli quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish lozim.

2022 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yirik ishlar amalga oshiriladi. Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1 900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1 700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlari imzolanishi ko‘zda tutilgan. 

2023 yilda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1 097 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro (G‘ijduvon va Peshku) va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1600 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil energiya” ishlab chiqarishni boshlaydi. 

2026 yilga borib O‘zbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga va shamol elektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi. Buning natijasida yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 1 million xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin. 

Bugungi kunda aholi xonadoniga quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatish borasida ham dastlabki qadamlar boshlangan. Masalan, qurilmalarni xonadonlarga o‘rnatish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 

Quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatganda fuqarolar uchun hech qanday qo‘shimcha soliq yoki to‘lovlar joriy etilmaydi. Ushbu energosamarador qurilmalarni o‘rnatish hisobiga xonadonni tekin va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni yaratiladi. Shuningdek, fuqarolar o‘z xonadonlariga o‘rnatgan quyosh panellar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishlari ham mumkin”, – dedi Sherzod Xo‘jayev tadbir ishtirokchilariga qarata.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida 24 fevral kuni Beruniy tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektrstansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘ygandi.

Mavzuga oid