O‘zbekiston | 19:56 / 04.03.2022
18326
3 daqiqa o‘qiladi

Barcha davlat tashkilotlarida talabalarning ishlashiga ruxsat beriladi

Davlat tashkilotlari 3−4 kurs talabalarini haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qiladi. Amaliyot yakunida ularga doimiy ish taklif qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 4 mart kungi videoselektor yig‘ilishida talabalarning bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan bir qator topshiriqlar berdi. 

«Barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat beriladi», deydi prezident.

Oliygohlar atrofidagi maktab va bog‘chalarda 13 ming vakant ish o‘rinlari mavjud. Kamida 10 ming nafar talabani ular uchun joylashuvi qulay bo‘lgan maktab va bog‘chalarga ishga joylashtirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mutasaddilarga davlat korxonalaridagi vakansiyalar bo‘yicha har chorakda talabalar o‘rtasida tanlovlar e’lon qilib borish topshirilgan. Har bir tarmoq rahbari o‘z sohasidagi oliygohlar bilan tizimli ishlab, salohiyatli talabalarni tanlab borishi kerak bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy bank har yili 3–4-kurs talabalari o‘rtasida tanlovlar e’lon qilib, 60 nafar talabani haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qilish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Stajirovka yakunida eng yaxshi talabalarga doimiy ish taklif qilinadi.

Xuddi shunday ishlarni Iqtisodiyot, Moliya, Qurilish, Energetika, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari tizimli tashkil etishi shart etib belgilandi. Ushbu yangi tizim orqali har yili 3 ming nafar talaba band qilinadi.

Yig‘ilishda davlat grantlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarga 2022 yilda kamida 3 ming nafar talabani jalb qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu maqsadda oliygohlardagi ilmiy loyiha guruhlari tarkibining kamida 40 foizini talabalar hisobidan shakllantirishga topshiriq berildi.

Viloyat va shaharlar hokimlari, rektorlar oliygohlar va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘ysa, 30 ming nafar talabani ish bilan band qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Bunda, viloyat hokimlari ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etishi lozim.

Shu bois, viloyat hokimlari, rektorlarga 1 apreldan boshlab har bir oliygohda mehnat yarmarkalarini o‘tkazish topshirildi.

Viloyat hokimlari oliygohlar bilan yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar o‘rtasida hamkorlik tizimini yaratib, yil yakuniga qadar 10 ming nafar talabaning bandligini ta’minlash choralarini ko‘rishi kerak.

Mavzuga oid