Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, moliya tizimining barqarorligi, korxonalarning uzluksiz ishlashi va rejalashtirilgan investitsiya loyihalari o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmog‘ining ishonchli faoliyatini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish, bunda eksport geografiyasi yanada diversifikatsiya qilinishini ham hisobga olish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatlar hokimlariga aholini ijtimoiy himoya qilish ishlarini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishsiz aholi bandligini ta’minlashni jadallashtirish, shuningdek, inflatsiya darajasini doimiy monitoring qilish va iste’mol bozorida narxlarning keskin tebranishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha avvaldan chora ko‘rish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.











