Qonun loyihasining bir jihati e’tiborimizni tortdi. Unga ko‘ra, ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:
- agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, uyning umumiy maydonidan qat’i nazar – BHMning 1,5 baravari;
- agar ko‘chmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 1 baravari miqdorida to‘lov undirilishi nazarda tutilgan.
Bir qarashda davlat boji chindan ham “sezilarli darajada” kamaygandek tuyiladi. Lekin ko‘chmas mulk oldi-sotdisida amalda buning aksini ko‘rish mumkin.
Xo‘sh, amalda qanday?
Ayni paytda amalda bo‘lib turgan qonunchilikka ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi eng faol olib boriladigan yirik shaharlarda notariusdagi to‘lov mulk maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan BHMning 3 baravarigacha. Ya’ni 100 kvadratgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk uchun BHMning 1 baravari, 200 kvadratgacha bo‘lsa BHMning 2 baravari, undan ortig‘iga 3 baravari. Xuddi shuningdek, boshqa aholi punktlarida BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha.
Yangi loyihaga ko‘ra, barchasi uchun BHMning 1,5 baravari (boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa 1 baravari) undirish taklif qilinyapti. Biroq Kun.uz suhbatlashgan notariuslarning ma’lum qilishicha, ko‘chmas mulk oldi-sotdilarining o‘rtacha 60-70 foizi aynan yirik shaharlardagi 100 kvadratgacha bo‘lgan xonadonlarga to‘g‘ri keladi. Ko‘rinadiki, bu yerda eng ko‘p to‘lovchi qatlam uchun to‘lov miqdori kamaymayapti, aksincha, oshirilyapti. Ya’ni bu o‘rinda 30-40 kishiga imtiyoz berilgani iddao qilingan holda 60-70 kishidan ko‘proq to‘lov olinyapti.
Ikkinchidan, bu yerda ijtimoiy adolat ham buzilyapti. Ya’ni kattaroq mulk xarid qilayotgan badavlat fuqaro uchun to‘lov arzonlashtirilyapti, lekin nisbatan kichik ko‘chmas-mulk xarid qilayotgan kamxarj fuqarodan qo‘shimcha mablag‘ undirilyapti.
Ayni shu loyihaning avtomobillarga oid qismida ham asosan qimmat avtomobil sotib oluvchilar manfaatlari ko‘zlangan. Ya’ni avtotransport vositasi uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 3 baravari miqdorida undiriladi. Amalda transport vositasi dvigatelining quvvati ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan. Bunda ham badavlat qatlam yaqqol yutadi, eng quyi qatlam amalda yutqazyapti hatto. Agar loyiha shu holatda qabul qilinsa, 100 ming dollarga mashina sotib olgan ham, 5 ming dollarga olgan ham bir xil boj to‘laydi.








