“Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida elektromobillarni ommalashtirishga qaratilgan bir qator yangiliklar aks etgan. Ammo ularning barchasi ham kishini birday quvontiravermaydi.

Masalan, sohani rivojlantirish chora-tadbirlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida “Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish” jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, jamg‘armani quyidagi manbalar hisobidan shakllantirish maqsad qilinmoqda:

  • transport vositalarini DYHXXdan ro‘yxatdan o‘tkazishda ichki yonuv dvigatelli yangi avtotransport vositalari qiymatining 0,2 foizi (bundan gibrid avtotransportlar mustasno) hamda ilgari foydalanishda bo‘lgan ichki yonuv dvigatelli avtotransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda ular qiymatining 0,5 foizi;
  • ichki yonuv dvigatelining hajmi 2 litr va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositasiga egalik qilish uchun avtotransport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazishda olinadigan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdoridagi to‘lov;
  • chakana savdo tarmog‘ida avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi sotishda har bir litr uchun 15 so‘m hamda suyultirilgan va siqilgan gazning chakana savdo shaxobchalarida har bir kub.m uchun 100 so‘m miqdorida maxsus ustama haq;
  • ekologik turizm hududlariga kirish uchun 2022 yil 1 iyundan boshlab ichki yonuv dvigatelli bitta transport vositasidan 10 ming so‘m miqdorida ekologik to‘lov.

Qaror loyihasida mas’ul vazirliklarga jamg‘arma mablag‘larini hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish talabi ham qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, elektromobillarni rivojlantirish vaji bilan benzin va gazda yuradigan avtomobillar egalariga yangi soliqlar joriy etilishi mumkin.

Uzoq yillar davomida mantiqsiz ravishda otning kallasidek yig‘im to‘lab kelgan avtomobil xarid qiluvchilar 2022 yil 1 yanvardan yig‘imdan ozod bo‘ldi.

Ya’ni, shu vaqtgacha yangi (foydalanishda bo‘lmagan) avtotransport vositalari bo‘yicha xarid qilish narxining 3 foizi miqdorida yig‘im undirilar edi (masalan, 100 million so‘mlik mashina uchun 3 million so‘m, 300 million so‘mlik bo‘lsa, 9 million so‘m).