«Ukraina – Rossiya emas». Natalya Poklonskaya şov-şuvli intervyu berdi
|01:07 / 04.04.202286 4209 min
2014 yil Rossiya nazoratiga ötgan Qrimning sobiq prokurori Natalya Poklonskaya rossiyalik jurnalist Katerina Gordeyevaga intervyu berdi. Rossiyada hamon siyosiy lavozimni egallab turgan Poklonskaya Ukrainadagi uruş haqida savollarga javob qaytargan. Uning aksar aytgan fikrlari Rossiya rasmiy pozitsiyasiga zid va sobiq prokuror bundan qörqmasligini aytgan.
Ma’lumot uçun: Natalya Poklonskaya 1980 yil 18 mart kuni Ukrainaning Lugansk viloyatida tuğilgan. 2012-14 yillarda Ukraina boş prokuraturasida katta prokuror vazifasida işlagan. 2014-16 yillarda Rossiya nazoratiga ötgan Qrim avtonomiyasida (keyinçalik respublikasi) prokuror bölgan. 2016-21 yillarda Rossiya Davlat dumasida deputat bölib faoliyat olib borgan. OAV ma’lumotiga köra, Kremlga nisbatan tanqidiy qaraşlari sabab 2021 yil oktyabrda Rossiyaning Kabo Verdedagi elçisi lavozimiga ötkazilgan. Ammo keyinçalik şaxsiy sabablar bilan bu vazifani qabul qilmagan. 2022 yil fevralidan «Rossotrudniçestvo» davlat agentligi rahbarining örinbosari. Ukrainada davlatga xiyonatda ayblanib, qidiruvga berilgan.
«Vatanim – Ukraina»
Suhbat avvalida jurnalist Poklonskayadan video qanday rangdagi fonda ketişini xohlaşi haqida söragan. Sobiq prokuror Ukraina bayroğidagi havorangni tanlab, bu tinçlik ramzi ekanini aytgan.
Poklonskaya 2014 yilgi Qrimda bölib ötgan referendumdan keyin hozirgaça qöriqçi bilan yurişi, çunki hayotiga bir neça marta tahdid bölganini aytgan. Uning sözlariga köra, bir marta uyini portlatib ketmoqçi bölişgan.
Poklonskaya suhbat davomida Rossiya fuqarosi ekani, ammo ukrain millatiga mansub ekanini ta’kidlagan: «Men Rossiya fuqarosiman, lekin ukrainman. Vatanim – Ukraina, nega buni tan olmasligim kerak? Buni aytişimdan köpçilik hayron qoladi, ayniqsa ura-uraçi vatanparvarlar. «O, Poklonskaya ukrain ekanini tan oldi», deb baqirişadi. Nima, men ispanmanmi? Rus yoki ukrain deb millat ajratiş töğri emas».
«Ukraina bu – Rossiya emas»
Poklonskayaning aytişiça, oxirgi 8 yil davomida Ukrainada jamiyat özgargan. Jurnalist suhbatdoşga şunday savol bilan murojaat qilgan: «Rossiya Ukrainaga kirganda ukrainaliklar ular natsizmdan qutqarişga kelişdi, deb rossiyalik harbiylarni xursand bölib kutib oladi, degan gaplar bölgandi. Körib turibmizki bunday bölmadi».
Mavzuga oid
Poklonskaya bu haqida eşitganini aytib, şunday javob bergan: «Bilasizmi, Ukraina bu – Rossiya emas. U yerda jamiyat boşqaça yaşaydi. Oxirgi sakkiz yilda ular öz jamiyatini yaratgan. Men bu sakkiz yil davomida Ukrainada yaşamadim, ammo odamlar özlari tuzgan jamiyatda, özlari töğri deb bilgan jamiyatda yaşamoqda.
Masalan, mendan bir yil yoki bir oy avval [Ukrainaga kirgan rus armiyasini] ukrainaliklar gul bilan kutib oladimi, deb söraşsa, yöq deb javob berardim. Çunki u yerdagi jamiyat çindan boşqaça. Şu sabab ukrainaliklar ba’zi naşrlarda yozilgani kabi gul bilan kutib olmaganini tuşunaman. Bizda esa (Rossiyada) bu haqda ğalati gaplar aytilmoqda».
«2014 yilgaça hammasi joyida edi»
Gordeyeva: Rossiya Ukrainani millatçilardan tozalaş uçun borganini aytişmoqda, siz bunga nima deysiz? Ukrainada çindan millatçilik kayfiyati bormi?
Poklonskaya: 2014 yildan keyin Ukrainada millatçilik kayfiyati qanday özgarganini bilmayman, çunki bu vaqt davomida u yerda yaşamadim, lekin 2014 yilgaça hammasi joyida edi. Faqat Maydan voqealarini aytiş mumkin. Unda provokatorlar qatnaşişdi. Ha, bu millatçilikning yuqori körinişi. Ammo millatçilik har qanday jamiyatda bölişi mumkin. Asosiysi, bu millatçilik çegaradan çiqmasligi kerak.
«Ukrainada meni duşman deb e’lon qilişgan, lekin baribir ukrainlarni yaxşi köraman»
Poklonskayaning aytişiça, Ukrainada u haqida nima deyişlaridan qat’i nazar ukrainaliklarni öz millatdoşi deb biladi va ularga imkon qadar yordam beradi. Sobiq prokurorning aytişiça, öz taşabbusi bilan Ukrainaga dori-darmon vositalari yubormoqda.
«Ukrainada mendan duşman yasab olişgan, lekin men baribir ukrainlarga yordam berişda davom etaman, çunki ularni yaxşi köraman. Özimni ukrain millatining bir qismi deb bilaman. Hozir bölayotgan voqealar şunçaki fojia, bunday vaqtda qölimdan keladiganini qilib ukrainaliklarga yordam yuboryapman. Ularni özim ham berolmayman, çunki men bilan uçraşiş taqiqlangan.
Hozir «Rossotrudniçestvo» agentligi xodimi sifatida insonparvarlik yuklari yuboriş bilan şuğullanyapman. Bu haqda heç kim menga körsatma bergani yöq, özim taşabbus qildim. U yerda odamlar qiynalmoqda, ularning hammasi ham banderaçilar emas, ularga yordam beriş kerak», degan Poklonskaya.
«Yanukoviçga ovoz bermaganman»
Poklonskayaning aytişiça, Maydan voqealaridan norozi bölgan: «Men ham korrupsiyasiz hayotda yaşaşni, hammasi özgarişini istardim, lekin bu tarzda özgartirişni emas. Tartibsizliklar boşlangan vaqtda davlat nazoratni qöliga olişi kerak edi. Men heç qaçon ovoz bermagan bölsam ham, Yanukoviç prezident edi. Men şunday tuşunaman: qonunçilik barçasini nazorat qilişi şart».
«Qrim öz tanlovini amalga oşirdi»
Poklonskayaning aytişiça, Qrimning Rossiya tarkibiga qöşilişi qrimliklarning öz tanlovi bölgan: «Hozirgi voqealarni Qrimdagi referendum bilan boğlamagan bölardim, çunki unda hammasi tinç bölgan, odamlar öz fikrini aytgan. Kiyev bizga qilgan işlaridan kelib çiqsak, öşanda referendum yagona çiqiş yöli edi».
«Uruş bölmasin» degan suratni joylaganim uçun meni ekstremistga çiqarişdi»
Poklonskayaning aytişiça, Rossiya hukumatida aytilayotgan pozitsiyaga zid sözlarni aytayotganini biladi. Uning sözlariga köra, Ukrainaga gumanitar yordam yuborayotganda bolalardan biri çizgan suratga közi tuşgan. Unda «Uruş bölmasin» deb yozilgan. Poklonskaya bu suratni öz sahifasiga joylagan. Şu sabab Rossiya tergov qömitasiga uning ustidan ariza tuşgan. «Şu suratni joylaganim uçun meni ekstremist deb ataşdi», deydi sobiq prokuror.
Zelenskiy haqida
Poklonskayaning aytişiça, Vladimir Zelenskiy bilan şaxsan taniş emas va u bilan faqat prokuraturada işlayotgan vaqtida konsertda körişgan. Sobiq prokuror Zelenskiyning qilayotgan işlari haqida gapirar ekan, u avvalo insonlar hayotini öylaşi kerakligini aytgan: «Ha, Yevropada uni qahramon deb körsatişmoqda, lekin men avvalo insonlar hayotini saqlab qoliş haqida öylagan bölardim. Har qanday narsa evaziga».
Poklonskaya Zelenskiy Rossiya tomonidan ilgari surilayotgan talablarga rozilik bildirişi kerakligiga işora qilgan. «Xalq uni tuşungan bölardi», deb qöşimça qilgan suhbatdoş.
Poklonskaya intervyu davomida ikki marta ketma-ket uruş sözini işlatgaç, hazil qilişga ham ulgurdi: «Uzr, bu sözni işlatiş mumkin emas-ku, maxsus harbiy amaliyot», deb kulgan sobiq prokuror. Rossiyada mamlakatning Ukrainadagi harakatlarini uruş deb ataş taqiqlangan.
Poklonskaya deputatlik faoliyati haqida ham gapirar ekan, Rossiyada ular ğalati holatda işlaşiga töxtalgan: «Deputatlar bir qaraşda erkin işlaşadi, lekin biror qonun qabul qilinişi kerak bölsa, u qabul qilinadi. Ha, men abortlar töğrisidagi qonun loyihasiga, pensiya islohoti töğrisidagi loyihaga qarşi ovoz berganman. Çunki şunday deb hisoblaganman. Balki men tuğma deputat emasdirman. Hozirgi holatda ham şunday. Men bunday bölişini istamayman», degan Poklonskaya.
«Men bayram qiladigan holatda emasman»
Jurnalist Poklonskayadan 2022 yil 18 mart kuni nima qilganini söragan. Öşa kuni Moskvadagi «Lujniki» stadionida Vladimir Putin iştirokidagi Qrim qöşib olinganining 8 yilligi munosabati bilan Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qöllovçi şou-konsert ötkazilgandi: «Yöq, meni u yerga taklif qilişmadi. Öşa kuni mening tuğilgan kunim edi. Birga işlaydigan döstlar bilan tuşlik qildik, u yerda restoran xodimlari sovğa sifatida tort olib kelişdi. Keyin uyga bordik, oddiy kunni ötkazib uxladik. Bölib ötayotgan voqealar vaqtida tuğilgan kunimni ham, boşqa qandaydir sanani ham nişonlaydigan holatda emasman», dedi Poklonskaya.