Xonning lavozimdan chetlatilishi ortidan 11 aprelda parlament quyi palatasida o‘tgan ovoz berish jarayonida «Pokiston musulmonlari ligasi» partiyasi yetakchisi Shahboz Sharif mamlakatning yangi bosh vaziri qilib saylandi.
Mamlakatdagi bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning Pokiston bilan bog‘langan ko‘plab iqtisodiy loyihalariga ta’sir etishi mumkinligi haqida gaplar chiqdi.
Kun.uz muxbiri sharqshunos-afg‘onshunos olim Shoislom Akmalov bilan ayni mavzu tahlili yuzasidan intervyu uyushtirdi.
Unda shuningdek, O‘zbekistonni okeanga chiqarishi mumkin bo‘lgan «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temiryo‘lining rejasi, Hindiston bilan hamkorlik aloqalari hamda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham so‘z boradi.
— 10 aprel kuni mintaqadagi eng e’tiborga sazovor voqealardan biri Pokiston parlamenti bosh vazir Imron Xonning lavozimidan ketkazilishi bo‘ldi. Pokistondagi so‘nggi voqealarni qanday sharhlaysiz?
— Shahboz Sharif Pokiston mustaqillikka erishgan 1947 yildan buyon 29-bosh vazir bo‘ldi. Imron Xonning hokimiyatdan chetlatilishi borasida esa bir qancha farazlar bor. Masalan, Imron Xon o‘zining hokimiyatdan ketkazilishida go‘yoki AQShning qo‘li bor demoqda. Bu faraz qanchalik to‘g‘riligini esa vaqt ko‘rsatadi.
Men bu masalani boshqa tomondan tahlil qilgan bo‘lardim. E’tibor bering, AQSh va NATO kuchlari Afg‘onistonda 20 yil turdi. O‘tgan yili esa Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi va hokimiyat tepasiga Tolibon keldi.

Imron Xon hokimiyatda turgan yillardan boshlab esa Pokistonning AQSh bilan munosabatlari sovuqlasha boshladi. Bu rasmiy Islomobodning mintaqa va jumladan, Afg‘onistondagi roli bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Imron Xon Janubiy Osiyoda ko‘proq mustaqil harakat qila boshladi.
Shuningdek, Afg‘onistonda «Tolibon»ning hokimiyatga kelishida Pokistonning roli ham bu vaziyatda ahamiyatli. To‘g‘ri, rasmiy Islomobod buni tan olmaydi, lekin bu ko‘plab davlatlarda gapirilmoqda. Ya’ni, mintaqa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni jadallashtirish yo‘lidagi harakatlar Imron Xonning kelajagiga ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi.









