Jahon | 13:36 / 10.05.2022
8982
2 daqiqa o‘qiladi

“Eng uzoq karera uchun” - bir kompaniyada 84 yil ishlagan xodim Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

Bir tashkilotda inson necha yil ishlay olishi mumkin? 10 yoki 20 yilmi? Uolter Ortman bir kompaniyada 84 yil-u 6 kun uzluksiz ishlagani uchun Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi.

Foto: guinnessworldrecords.com

Uolter Ortman 1938 yilning 17 yanvarida Braziliyaning Santa Karatina shahridagi to‘qimachilik korxonasiga yuk tashish bo‘yicha yordamchi bo‘lib ishga kiradi. O‘shanda u 15 yoshda edi, shundan to hozirga qadar ish joyini o‘zgartirmagan. Uolter yangilikka o‘ch, serg‘ayrat xodim bo‘lgan. U Braziliyaning nemislar ko‘p yashaydigan Brusk shaharchasida tug‘ilgan.

Uolter maktabni, o‘qishini juda yaxshi ko‘rgan, biroq oiladagi moliyaviy vaziyat tufayli erta ishlay boshlashiga to‘g‘ri keladi. 15 yoshida nemis tilini ham yaxshi bilgani uchun hozirgi to‘qimachilik korxonasiga ishga olinadi. Yuk tashish bo‘limida ish boshlagach, o‘z g‘ayrati va qobiliyatini ko‘rsatib, savdo bo‘limiga o‘tkaziladi va muvaffaqiyatli savdo menejyeri sifatida ishlay boshlaydi.

19 aprelda Uolter 100 yoshga to‘ldi. Biroq uning xotirasi hanuz yaxshi, sog‘ligi ham joyida. Shuning uchun vaqtini sevimli joyi – ofisida o‘tkazishdan hali ham charchamaydi. U bir yerda eng uzoq karera qilgan xodim sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Biroq buni o‘zi kutmagan va oldindan rejalashtirmagan.

«Men kelajak haqida juda ko‘p qayg‘urmayman. Biz bugun haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak, kelajak yoki o‘tmish haqidamas», deb hisoblaydi keksa xodim.

Mavzuga oid