Bir qarashda mumkin bo‘lmagan holat. Ammo Uchquduq va Konimex tumanlari hamda Zarafshon shahridagi 16 ta bolalar bog‘chasida mingdan ortiq xodim o‘z hududlaridagi boshqa bog‘chada ishlovchi hamkasblaridan kam maosh olishmoqda. Ular Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining qaroridan norozi.

Bu qanday yuzaga kelgan?

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibida bo‘lgan 16 ta bolalar bog‘chasi 2020 yilda Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan. Ungacha mazkur bog‘chalarda faoliyat yuritib kelgan xodimlarga kombinat maosh to‘lagan. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining 2001 yil 5 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zarafobod posyolkasi budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik ustama to‘lovlar to‘langan.

Xususan, ish staji 3 yilgacha bo‘lgan xodimlar oylik tarif stavkasi yoki lavozim okladining 0,25 foizi, 3-5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar 0,5 foizi, 5 yildan ortiq ish staji borlar esa 0,75 foizi miqdorida maoshiga qo‘shimcha oylik to‘lovlar olgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining 2019 yil 15 avgustdagi qarori bilan oldingi qarorga o‘zgartirish kiritilgan.

Jumladan, yuqoridagi Nizomning 3-bandiga qo‘shimcha kiritilib, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotdagi (Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi budjet tashkilotlaridan tashqari) ish, budjet tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lanishi huquqini beradigan ish stajiga kiritilmasligi belgilab qo‘yilgan. Ayni shu cheklov tufayli NKMK tarkibidan Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan bolalar bog‘chalarida ishlovchi xodimlar ish staji “g‘oyib bo‘lgan”. Oqibatda bitta shahardagi ikkita bog‘chada (NKMK tarkibidan Maktabgacha ta’lim tizimiga o‘tgan va oldindan Maktabgacha ta’lim tizimida bo‘lgan) bir xil ish uchun ikki xil maosh to‘lanmoqda.

“Bu bizga nisbatan diskriminatsiya”

Ushbu holatga tushgan aksariyat tarbiyachilar buni o‘zlariga nisbatan kamsitish, deya baholashmoqda.