Quduqdagi zulmatdan - ozodlikka: qutqarilgan bolakayning ismi xaloskorlari sharafiga o‘zgartiriladi
Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida artezian uchun qazilgan quduqqa tushib ketgan 6 yoshli Doniyorbekni qutqarish operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Ushbu voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Kun.uz jamoasi Qashqadaryoga borib, qutqarish operatsiyasida qatnashganlar, guvohlar va qutqarilgan bolakayning ota-onasi bilan suhbatlashdi.
Chiroqchi tuman hokimi Nodir Erkayev qutqaruv operatsiyasi haqida qisqacha so‘zlab berdi. Go‘dakning bir oyog‘i tik va qo‘llari osmondan bo‘lib, chuqurligi 25 metr, diametri 25 sm bo‘lgan chuqurga tikka kirib ketgani, uni qutqarish uchun ko‘plab texnikalar jalb qilinganini so‘zlab berdi.

Qutqarilgan Doniyorbek zudlik bilan Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga keltirilgan. Bir borgan kuni u umumiy palataga o‘tkazilgan ekan. Biz palataga kirib kelganimizda bola osma ukol olayotgan va u chuqur uyquda edi. Uning otasidan voqea tafsilotlarini so‘radik.

Otasi Hasan Jo‘rayevning hikoya qilib berishicha, 12 iyun yakshanba kuni tushga yaqin hovlida beda o‘rayotganida, yonida o‘ynab turgan o‘g‘ilchasi bexosdan quduqqa tushib ketgan.

«Quduqni hamqishloqlar bilan suv chiqarish uchun qazigan edik. 130 metrgacha qazib borganimizdan so‘ng suv chiqmagan, quduqni ko‘mdim. Uning yuqoridagi ma’lum bir qismini keyinchalik yana bir urinib ko‘rish uchun ko‘milmasdan qoldirgandim. Quduqning og‘ziga tunuka bilan berkitilib, tosh bostirib qo‘ygan edim. E’tiborsizlik qildim, bolam tushib ketdi», — dedi Hasan Jo‘rayev.
Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Erkin Arziyev bolakayning hozirgi ahvoliga to‘xtalib, qutqarish operatsiyasida shaxsan o‘zi ham qatnashganini, ularning birdan bir vazifasi bola tirik qolishi uchun kurashish bo‘lganini aytib berdi.

«Chaqiruv bo‘lgach, biz zudlik bilan 12 ta kislorod ballon bilan yetib bordik. Ichkarida bola nafas olishda qiynalmasligi uchun shlang bilan kislorod yubordik, shuningdek yegulik va suv tushirdik. Bola sovuq qotmasligi va qo‘rqmasligi uchun elektr sim bilan lampochka tushirdik. Tuni bilan quduq og‘zida bolaning qarindoshlari, qutqarish xizmati va tibbiy xodimlar navbatchilik tashkil qildik», — dedi E.Arziyev.

Biz bo‘lib o‘tgan voqea joyini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun langar qishlog‘iga yo‘l oldik. U tuman markazidan 50 km olisda — tog‘ qo‘ynida joylashgan ekan.
Baxtsiz hodisa ro‘y bergach, albatta, qishloqda shov-shuv ko‘tarilgan. Mahalla oqsoqollaridan biri Mahmudxon Qodirov shunday hikoya qiladi.

«Bu xabar qishloqqa yashin tezligida tarqaldi. Shunchalikki, narigi qishloqlardan ham bir zumda texnikalar yetib kela boshladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, hokimlik xodimlari, tibbiyotchilar zudlik bilan yetib kelishdi. Qishlog‘imizning yigitlari ham qarab turishgani yo‘q. Kim ketmon, kim qo‘lida kurak bilan xizmatga shay bo‘lib turishdi», — deb hikoya qildi M.Qodirov.
Guvohlarning hikoya qilib berishicha, quduq atrofini ochish uchun chaqirilgan texnikalardan ikkitasi hali ishga kirishmasidanoq buzilib qolgan. Ishni davom ettirish uchun tik qir ustiga boshqa texnikalar chaqirilgan.
Chiroqchi tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limining bo‘linma boshlig‘i Ozodbek Ja’farov qutqaruvchilar yetib kelguncha ham mahalla ahli bolani qutqarishga uringani, to‘g‘ri xatti-harakatlarni amalga oshirishgani, chunonchi kompressor yordamida quduqqa havo yuborishni yo‘lga qo‘yishganini hikoya qilib berdi.

«Qutqaruv rejasiga ko‘ra, quduqdan 2,5–3 metr masofada 26 metr chuqurlik qazib, bolani ostidan chiqarib olish maqsad qilingan edi. Biroq qariyb bir sutka ishlagan texnika 13 metrga yetganda yer juda qattiq chiqib qoldi. Qazish uchun yana kamida bir sutka vaqt talab qilinar edi. Buncha muddatga bola chidab bera olmasligi mumkin edi. Shu sababli chuqurdan asosiy quduqqa gorizontal yo‘lak ochib, odam tushirib tortib olishga qaror qilindi», — dedi O.Ja’farov.

Avval qutqaruvchilardan jussasi kichikrog‘i urinib ko‘radi. Ma’lum bir masofaga borib uning yelkasi qisilib qolgach, kichikroq yigitlar, maktab o‘quvchilari tushirib ko‘riladi.
Doniyorbekning qishloqdoshi Hamza Muhammadiyevning hikoya qilishicha, 2-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lini quduqqa oyog‘idan bog‘lab tushirishganda u qo‘rqadi. So‘ng o‘zi urinib ko‘radi, ammo 8 metrgacha borib qisilib qoladi...

6 yoshli Doniyorbek oiladagi uch o‘g‘ilning o‘rtanchasi ekan. Hozir to‘rtinchi farzandini kutayotgan Doniyorbekning onasi Laylo Hayitova shunday hikoya qiladi:
«Bolam juda o‘yinqaroq. O‘t o‘rayotgan otasining ketidan ergashib, hovlida o‘ynab turib, quduqqa tushib ketibdi. Bo‘larim bo‘ldi. Bolam 4 oyligida emlashdan reaksiya berib, tutqanog‘i tutib qoladigan dardga yo‘liqqan. Doim o‘zim parvarishlab, ovutaman. Ichkarida tutqanog‘i tutib qolsa nima bo‘ladi, degan o‘y meni kemirdi. Otasi quduq ichida ham bir marta tutqanog‘i tutib qolganini aytib berdi», — dedi onasi.

Tuynukka epchilroq o‘smir bolalardan birini tushirishga ahd qilingan, bu aftidan oson ish ko‘rinsa-da, nihoyatda asabiy va xatarli ish edi. Chunki ikkita qurbon bo‘lishi ehtimoli bor edi.
Mahmudjon Qodirovning hikoya qilib berishicha, olti bor samarasiz urinishgach, qo‘shni Tarag‘ay qishlog‘ida ov qilib, yovvoyi hayvonlarning uyalariga hayiqmay kirib yuradigan bola — 108 maktabning 8-sinfini tugallagan Ozodbek Yo‘ldoshev haqida xabar chiqadi.
Ozodbekning otasi To‘ychi Murodovning hikoya qilib berishicha, unga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Qishloqda bo‘lmagan ota o‘g‘lidan telefon orqali urinib ko‘rasanmi, deb so‘raydi. Bolakay rozilik beradi.

Chuqurga sho‘ng‘igan Ozodbekning ham ilk urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Arqonni uning qo‘ltiqlari ostidan o‘tkazishga uringanida oyog‘i tepaga qayrilib qolgan bola og‘riqdan chinqirib yuboradi va Ozodbek qo‘rqib ketadi. Hammaning hafsalasi pir bo‘lgan vaqtda u albatta bu ishni bajarishini, bunga ko‘zi yetayotganini aytadi. Nihoyat, oradan qariyb bir sutka o‘tgach, Ozodbek Doniyorbekning qo‘liga arqon bog‘lashga muvaffaq bo‘ladi. Qutqaruvchilar ularning har ikkisini paydar-pay tepaga tortib olishadi. Hayratlanarli joyi — Ozodbek bolani tortib olish uchun ikkinchi marta pastga tushganda Doniyorbekning har ikki oyog‘i pastda bo‘ladi. Tor joyda bolakay qanday qilib oyog‘ini yig‘ishtirib ololgani esa jumboq...
Doniyorbekning qutqarib tashqariga chiqarilishini yig‘ilgan barcha qarsaklar va qiyqiriqlar bilan qarshi oladi. Odamlarning ko‘zida sevinch yoshlari yiltillaydi.

Doniyorbekning onasi ham, otasi ham Doniyorbekni qutqarishda ishtirok etgan barchaga tashakkur aytdi. Qutqaruv operatsiya tepasida turgan viloyat prokurori, tuman hokimi, qutqaruvchilar, vrachlar, texnikalarni boshqarganlar, qishloqdoshlar — barcha-barchasidan minnatdor ekanini izhor etishdi.
Bola qutqarilgach tashqaridagi bosim tufayli hushidan ketadi. Unga zarur tez yordam ko‘rsatilib, zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga joylashtiriladi. Hozir uning ahvoli yaxshi.
Ayni paytda to‘rtinchi farzandini kutayotgan Laylo Hayitova besh yildirki, bemor bolasini davolatish uchun samarasiz urinib kelishganini gapirib berdi. Bolakay aqliy rivojlanishdan biroz ortda qolgan. Uni to‘liq davolasa bo‘ladi, ammo bunga oilaning qo‘li kaltalik qilmoqda.

«Kasalchilik juda qiyin ekan. Topgan-tutganimiz shu bolani davolatishga ketadi. Toshkent va Samarqandga oboramiz, do‘xtirlar davolash bo‘yicha ko‘rsatma berishadi. Pul yetmaydi. Eshigimizda mol yo‘q. Suv tashishga eshagimiz ham yo‘q. Suv chiqaramiz, deb mana shu ahvolga tushib o‘tiribmiz», — dedi Doniyorbekning onasi.
Agar ushbu satrlarni o‘qib, kimdadir Doniyorbekning davolanishi uchun yordam qilish istagi bo‘lsa, bolakayning onasi Laylo Hayitova nomiga ochilgan plastik kartaga pul o‘tkazib berishi mumkin.
UZCARD: 8600 0609 4155 8323
Bir bolaning qutqarilish tarixi mana shulardan iborat. FVB qutqaruvchisi Ozodbek Ja’farov va uning hamkasblari, Erkin Arziyev boshchiligidagi vrachlar, 108-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Ozodbek Yo‘ldoshev Doniyorbekni quduq changalidan ozod qilib, ikkinchi hayot baxsh etishganidanmikan, ota-onasi uning ismini ham Ozodbek deb o‘zgartirish niyati borligini ma’lum qilishdi. Kim biladi deysiz, shu voqea bahona bolakay o‘zini qiynab kelayotgan darddan ham xalos bo‘lar...
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Tavsiya etamiz
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
“Saviyasiz millat o‘zini o‘zi yo‘q qiladi” – Qozoqboy Yo‘ldoshev
Jamiyat | 15:21 / 01.06.2025
Ish staji yetarli bo‘lmasa ham pensiya tayinlanadimi?
O‘zbekiston | 10:03 / 31.05.2025
Eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hudud ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” Qurbon hayiti sharafiga aksiya e’lon qildi – 50% gacha chegirma
Jamiyat | 17:00 / 02.06.2025
-
Sankt-Peterburgdagi reydda 200 nafardan ortiq migrant qo‘lga olindi
Jahon | 18:19
-
Sahroi Kabirdan ko‘tarilgan ulkan chang buluti AQShga yaqinlashmoqda
Jahon | 18:15
-
Moskva markazida chechenlar odam o‘g‘irlashdi
Jahon | 18:07
Mavzuga oid

15:52 / 16.05.2025
Andijonda 7 yoshli bola chuqurligi 40 metr bo‘lgan quduqqa tushib ketdi

11:32 / 16.04.2025
Olotda 10 yoshli qiz eski quduqqa tushib ketib vafot etdi

09:41 / 22.03.2025
40 metrli quduq tubida qolib ketgan fuqaro qutqarildi

18:20 / 15.01.2025