Suhbatimiz 23 iyun kuni Toshkentda boshlangan “O‘zbekiston energetika forumi – 2022” doirasida bo‘lib o‘tdi.
— Energetika tarmog‘iga xorijiy investorlarni jalb qilish salohiyatimiz qay darajada?
— O‘zbekistonning energetika sohasiga investorlarni jalb qilish potensiali ham, bu sohaga xorijiy investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish ham yuqori darajada. Biz bu boradagi ishlarni to‘g‘ri amalga oshirishimiz kerak.
Energetika vazirligining bu boradagi yakuniy rejasi – erkin bozorni yaratish. Bunda investorlarga hech qanday kafolatlar berilmaydi, faqatgina ularning xususiy mulk daxlsizligi ta’minlanadi. Ular mablag‘larini xavf-xatarga qo‘ygan holda, barcha risklarni inobatga olib O‘zbekistonda stansiya quradi va mijozlarni jalb qilgan holda ishlab chiqargan elektr energiyasini yetkazib berishi mumkin bo‘ladi.
Bozorni bir kunda yaratib bo‘lmaydi, bu juda murakkab ish, ammo amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan vazifa ham emas. Ko‘plab mamlakatlar bu yo‘lni bosib o‘tgan, biz ularning tajribalarini o‘rganyapmiz.
Erkin bozor munosabatlarini joriy qilish uchun kamida 2-3 yil vaqt talab etiladi. Ungacha oldimizda ikkita yo‘l bor. Birinchisi, tashqi qarz evaziga stansiyalar qurishda davom etish. Ikkinchisi esa DXSh asosida loyihalarni amalga oshirish. Bu energiyaga bo‘lgan defitsit ortib ketmasligining oldini olishda juda ham muhim.
Ammo DXShning ham o‘ziga yarasha yaxshi va yomon tomonlari bor. Yaxshi tomoni – davlatning suveren qarzi oshmayapti, salbiy tomoni esa bilvosita kafolatlar ostida pul jalb qilish miqdori o‘sib bormoqda. Agar ahvol yomonlashib, “Milliy elektr tarmoqlari” investorlardan xarid qilayotgan elektr energiyasi uchun pul to‘lay olmay qolsa, ushbu bilvosita qarzlar bevosita qarzlarga aylanadi va ushbu mablag‘larni Moliya vazirligi to‘lashi kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham tezroq erkin bozor yaratishimiz kerak.
— Bugungi kunda elektr energiyasi aholiga subsidiyalangan narxlarda yetkazib beriladi. Bu resurslarning asl tannarxi qancha o‘zi?
— Elektr energiyasining asl tannarxini hisoblab chiqish Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining vazifasi hisoblanadi, afsuski menda bu borada aniq raqamlar yo‘q. Ekspert sifatida shuni aytishim mumkinki, elektr energiyasi tannarxi taxminan 500-600 so‘mni tashkil etadi.








