Prezidentning Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha bergan takliflari orasida nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish, ularga shart-sharoit yaratib berish bo‘yicha ham bandlar ko‘rsatilgan.
Xo‘sh, nogironligi bor shaxslar huquqlarini Konstitutsiyada belgilashga qanchalik ehtiyoj bor edi, bu bilan imkoniyati cheklaganlarning muammolari hal bo‘lib qoladimi? Kun.uz bu savollarga javob olish uchun mutaxassislarga yuzlandi.
“Konstitutsiyaga “nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish” degan tushunchani ham qo‘shish kerak”

Angliyaning Sasseks universiteti taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti, O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari tadqiqotchisi Dilmurod Yusupov nogironligi bor shaxslarni jamiyatga qo‘shish bilan bog‘liq muammolarning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilganini ijobiy baholadi. Shu bilan birgalikda bu boradagi o‘z takliflarini ham sanab o‘tdi.
— Amaldagi asosiy qonunimizda “nogironlik” yoki “nogironligi bo‘lgan shaxslar” atamalari umuman ishlatilmagan. Xuddi ular jamiyatimizda yo‘qdek. Konstitutsiyamizda davlatimizda inklyuziv jamiyat qurish maqsadini aks ettirish maqsadga muvofiq bo‘lardi deb o‘ylayman. Albatta, Konstitutsiyamiz faqat qog‘ozda emas, amalda ham ishlashi kerak. Chunki nogironlik va inklyuziya sohasida qabul qilinayotgan qonun va qarorlar joylarda samarali amalga oshirilayotgani bo‘yicha muammolar bor.
Konstitutsiyaga nogironligi borlar huquqlari bo‘yicha berilgan takliflar kiritildi degani, muammo hal bo‘ldi degani emas. Birinchi navbatda biz nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalar hamda ularning ota-onalarining huquqiy ongi va savodxonligi ustida ishlashimiz kerak. Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan haq-huquqlarni amalda qo‘llashning aniq mexanizmlari kiritilishi kerak.
Mexanizmga misol, Konstitutsiyaning 39-moddasida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi yozilgan. Lekin “tirikchilik uchun eng kam miqdor” degan tushuncha aniq belgilanmagan. Misol uchun, hozir nogironligi bo‘lgan shaxslar olayotgan pensiya va nafaqalar tirikchilik uchun yetadimi? Menimcha yetmaydi!


















