Turkiya davlati poytaxtida joylashgan Yeshilko‘y tumanidagi “Istanbul Expo markazi”da 5-7-iyul kunlari "F-Istanbul" oziq-ovqat, ichimliklar, qayta ishlash va qadoqlash ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Jazoir, Ozarboyjon, Bangladesh, Bosniya, Braziliya, Bolgariya, Kanada, Chexiya, Misr, Efiopiya, Germaniya, Gana, Hindiston, Iroq, Iordaniya, Quvayt, Livan, Malayziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Buyuk Britaniya, AQSh, O‘zbekiston, Hindiston, Misr, Rossiya va Gruziya kabi davlatlardan 268 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazma “Oziq-ovqat va ichimliklar”, “Qadoqlash ingrediyentlari va qayta ishlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar”, “Qandolatchilik mahsulotlari” kabi uch pavilonga bo‘lingan holda tashkil etildi.

Mazkur ko‘rgazmada mamlakatimiz tadbirkorlari ham faol ishtirok etdi. Jumladan, unda O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi ko‘magi ostida "Sladus", "Mega", "Erfibless", "Tanho", "Rozmetov" kabi bir qator brend kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.

Foto: Oziq-ovqat sanoati uyushmasi matbuot xizmati

Yarmarka ishtirokchilarining fikrlariga ko‘ra, ushbu ko‘rgazma tadbirkorlarning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga samarali tarzda hissa qo‘shdi, hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga katta turtki berdi, shuningdek, xalqaro maydondagi raqobat bozori, so‘nggi ishlab chiqarish tendensiyalari bilan tanishish hamda ularni tahlil etish imkoniyatini yaratdi.

Foto: Oziq-ovqat sanoati uyushmasi matbuot xizmati

Ko‘rgazma ishtirokchilaridan biri, " Erfibless" qandolatchilik kompaniyasi Bosh direktori Risxitillo Shukrullayev quyidagilarni ta’kidladi:

- Biz oziq-ovqat sanoatining barcha manfaatdor tomonlari, ya’ni qayta ishlangan oziq-ovqat, ichimliklar, qandolat mahsulotlari, qo‘shimchalar va qadoqlash sohalarini qamrab olgan muhim ko‘rgazmada ishtirok etdik. 

"F-Istanbul" ko‘rgazmasi yangi tijorat aloqalarini o‘rnatish, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar, importyorlar, ulgurji sotuvchilar, distribyutorlar va tarmoq bozorlarining birlashishiga xizmat qildi. Shuningdek, biz o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham bu ko‘rgazma orqali eksponentlar va tashrif buyuruvchilar bilan aloqa o‘rnatib, yangi hamkorlarga ega bo‘ldik.