TsSKAning 25 yoshli a’zosi 1 iyul kuni Sankt-Peterburgda qo‘lga olindi. «Fontanka» nashri yozishicha, uni ushlash bo‘yicha topshiriq Sankt-Peterburg ichki ishlar boshqamasi hamda harbiy prokuratura tomonidan berilgan. Ular Fedotovni harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan deb hisoblash uchun asos borligini ma’lum qilgan.

Fedotovni qo‘lga olishayotganda «Match TV» jurnalisti u haqda reportaj tayyorlayotgan bo‘lgan. Muxbir voqeani shunday tasvirlaydi: «Birinchi bo‘lib ko‘zga tashlangan narsa shu bo‘ldiki, ikki kishi niqob va kamuflyajda, qolganlar doimiy uniformada edi. Ulardan biri Vanyaga guvohnomasini ko‘rsatib, nimadir dedi. Suhbat bir daqiqa ham davom etmadi va uni furgonga o‘tqizib olib ketishdi».

Keyinroq OAVda Fedotovni mahalliy harbiy bo‘linmaga olib ketishgani, u yerda sportchi o‘zini yomon his qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Fedotovning agenti Aleksey Ponamaryovning aytishicha, uni va sportchining ota-onasini kasalxonaga kiritishmagan, ammo harbiy politsiya vakillari Fedotovning oldiga kirgan. Yurist sportchi Moskvadagi harbiy ro‘yxatda turishi, lekin Leningrad oblastida ro‘yxatga olinganiga e’tibor qaratgan. Advokatning aytishicha, Fedotov bu harbiy bo‘linmaga umuman aloqador emas.

Ammo 1 iyuldayoq Sankt-Peterburgdagi Viborgsk tuman harbiy bo‘linmasi Fedotovni harbiy xizmatga chaqirib, unga safdor harbiy darajasini ham taqdim etgan. Sportchi bu qarordan norozi bo‘lib sudga murojaat qilgan.

3 iyul kuni hokkeychi kasalxonadan yo‘qolib qolgan. «RIA Novosti» va «TASS» sportchi Murmansk oblastidagi Severmorsk shahriga olib ketilgani haqida yozdi. Keyingi kuni esa OAVda Fedotov Arxangelskda ekani haqida xabarlar chiqdi. «Sport-Ekspress» darvozabonning suratini ham e’lon qildi.

«Fontanka» Fedotov Rossiya harbiy-dengiz kuchlari qoshidagi 907-o‘quv markaziga olib ketilgani haqida yozdi. Sportchi u yerda sentyarbgacha qolishi, keyin qayerda xizmat qilishi aniq bo‘lishi aytildi.

«TASS» harbiy tuzilmadagi manbalariga asoslanib yozishicha, Fedotovni Novaya Zemlya arxipelagiga xizmat qilish uchun yuborishlari mumkin. Muxolifatchi Aleksey Navalniyning maslakdoshi Ruslan Shaveddinov ham aynan Arktikadagi Novaya Zemlyada xizmat qilgan. Jurnalistning xizmatga borishi ham Fedotovnikiga o‘xshash: uni noma’lum shaxslar olib ketgan va ko‘p o‘tmay Shaveddinov Novaya Zemlyada paydo bo‘lgandi.

OAVda bir ma’lumotga e’tibor qaratishgan: Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni Nikolay Yevmenov hokkey muxlisi hisoblanadi. 2013 yil Severodvinskda tashkil etilgan hokkey ligasining eng kuchli jamoalaridan biri esa aynan Shimoliy flot klubi hisoblanadi. «Match TV» Fedotovni harbiy hospitaldan aynan Severodvinskdagi harbiy qismga yuborishgani haqida yozdi.