Jamiyat | 15:03 / 20.07.2022
5941
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda issiq kunlar boshlanganidan beri «Tez yordam»ga 130 mingdan ortiq murojaat bo‘ldi

Foto: Kun.uz

SSV jazirama kunlarda «Tez yordam» xizmatiga qancha bemor murojaat qilgani bo‘yicha ma’lumot berdi.

O‘tgan hafta O‘zbekistonga Eron hududlaridan issiq va quruq havo oqimi kirib kelishi natijasida 17 iyuldan boshlab yurtimizda yuqori harorat kuzatilmoqda. Soha mutaxassislari ushbu jazirama hafta davomida saqlanib qolishi, xususan, 21-23 iyul kunlari mamlakatimizda kunduzi harorat 43-45 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarida esa 47 darajagacha ko‘tarilishini taxmin qilyapti.

«Albatta bunday noqulay iqlim, eng avvalo, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. 

Shu bois, ular sog‘ligini alohida tibbiy nazoratga olish, zarurat bo‘lganda o‘z vaqtida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozim. Ayniqsa, issiq havoda surunkali xastaliklar xuruj qilishini e’tiborga olsak, «Tez yordam» xizmati xodimlari zimmasiga bu borada alohida mas’uliyat yuklanadi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

«Yurtimizda anomal issiq boshlangan 17 iyuldan bugun, 20 iyul soat 06:00 ga qadar Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 130 ming 115 ta chaqiriq kelib tushdi.

Murojaatchilarning 23 ming 421 nafarini qon bosimi ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar tashkil etdi. Ularning 4215 nafari esa gospitalizatsiya qilindi», deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy  markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev.

Qolaversa, ushbu sanalarda Toshkent shahar «103» xizmatiga jami 11 ming 821 ta chaqiriq kelib tushgan. Murojaatlarning 4 ming 235 nafarini qon bosimi ko‘tarilishi, nafas qisishi, astma va boshqa kasalliklar bo‘yicha bemorlar tashkil etdi. Ularning 2 ming 185 nafari esa davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, jazirama havo kuzatilayotgani bois Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, yurtimizdagi 1010 ta poliklinika, 923 ta oilaviy shifokor punktida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 2762 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.

«Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi zarurat bo‘lmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishni tavsiya etadi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid