10:21 / 08.08.2022
5823

YeXHT O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy referendumni kuzatish bo‘yicha missiya yuborishni tavsiya etdi

YeXHT DIIHB EBM O‘zbekistonda o‘tkaziladigan konstitutsiyaviy referendumni kuzatish bo‘yicha missiya yuborishni tavsiya etmoqda.

Foto: Getty Images

Joriy yil 19-21 iyul kunlari O‘zbekistonda bo‘lgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) oraliq hisobotni e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.  

Baholash asosida EBM DIIHB bo‘lajak referendumni kuzatish bo‘yicha faoliyatini tashkil qilishi kerakmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan hamda agar bunga zarurat bo‘lsa, qaysi faoliyat turi aniqlangan ehtiyojlarga mos kelishini tavsiya qilgan. 

Missiya vakillari konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi ikki marta uzaytirilib, 1 avgust kuni yakunlanganini qayd etgan. Umumxalq muhokamasi tugagach, konstitutsiyaviy komissiya qonun loyihasini yakunlashi hamda parlament palatalariga tasdiqlash uchun yangi matnni taqdim etishi, shundan so‘ng referendum sanasi belgilanishi ta’kidlangan.

Konstitutsiyaviy referendum natijalari majburiydir. Referendum haqiqiy hisoblanishi uchun unda saylovchilar 50 foizi ishtirok etishi kerak. Ular yarmidan ko‘pi o‘zgartishlarni ma’qullab ovoz bergan taqdirda qonun loyihasi tasdiqlanadi. Saylovchilardan konstitutsiyaviy tuzatishlar to‘liq jamlanmasi bo‘yicha “Ha” yoki “Yo‘q” deb javob berish so‘raladi.

Referendumlar 1992 yilda qabul qilingan konstitutsiya, 1991 yilgi “Referendum to‘g‘risida”gi qonun va 2019 yilgi Saylov kodeksi bilan tartibga solinadi. “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga oxirgi marta 2022 yil mart va iyun oylarida o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lib, ular, asosan, 2019 va 2021 yillarda Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni, referendumda nizolarni hal qilish jarayoni samaradorligini oshirish, quyi komissiyalar a’zolari betaraflik talabini joriy etish, chet elda ovoz berish tartibi, qator texnik tuzatishlarni aks ettirgan. 

DIIHB EBM suhbatdoshlari referendum jarayonini mustaqil ravishda kuzatish lozimligini va bu borada DIIHB monitoring faoliyati zarurligini ta’kidlagani bildirilgan. Ular jarayon mintaqaviy jihatlarini, me’yoriy-huquqiy bazaga rioya qilish, referendum ma’muriyati tomonidan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, referendumni OAVda yoritish masalalarini hisobga olgan holda uzoq muddatli kuzatuv missiyasini yuborish zarurligini ta’kidlagan.

DIIHB EBM konstitutsiyaviy referendumni kuzatish uchun Cheklangan kuzatuv missiyasini (LROM) yuborishni tavsiya qildi. DIIHB EBM asosiy ekspertlar guruhiga qo‘shimcha ravishda butun mamlakat bo‘ylab referendum jarayonini kuzatish uchun YeXHT ishtirokchi davlatlaridan 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarni jo‘natishni tavsiya qildi. 

Mavzuga oid
Top