«Ukrtransnafta» RFdan «Drujba» orqali neft tranzitini to‘xtatdi
Rossiya neftini Ukraina hududi orqali olib o‘tilishining to‘xtatilishiga «Transneft» tomonidan sanksiyalar doirasidagi tranzit xizmatlari uchun to‘lov bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘ldi.
4 avgustdan boshlab Ukrainaning «Ukrtransnafta» kompaniyasi «Drujba» neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali Rossiya neftini olib o‘tishni to‘xtatdi, deb xabar berdi Rossiyaning «Transneft» kompaniyasi 9 avgust, seshanba kuni. Buning sababi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan tranzit xizmatlari uchun to‘lov bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi: 2022 yil 22 iyulda joriy yilning avgust oyida Rossiya neftini Ukraina orqali tranzit qilish uchun to‘lov amalga oshirilayotganda, mablag‘lar 2022 yil 28 iyulda «Transneft» hisobiga qaytarildi.
«Vaziyat Yevropa regulyatorlari turli yurisdiksiyalardagi banklar uchun harakatlar algoritm bo‘yicha haligacha yagona pozitsiyani shakllantirmagani va ushbu ruxsatnomalarni berish tartibini ishlab chiqmaganligi bilan murakkablashdi», - deya ta’kidladi «Transneft» vakillari.
Vengriya, Slovakiya va Chexiya «Drujba»ning janubiy tarmog‘i bo‘ylab Rossiyadan neft bilan ta’minlanadi. Ukraina hududi orqali tranzit xizmatlari «Transneft» va «Ukrtransnafta» o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq oldindan to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Rossiya kompaniyasining press-relizida ta’kidlanishicha, tranzit uchun to‘lov masalasini hal qilish uchun «Transneft» vakolatli bankka shartnoma bo‘yicha «Ukrtransnafta» bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat olish uchun tegishli ma’lumotni keyinchalik Yevropa regulyatoriga taqdim etishi maqsadida murojaat yubordi. Bundan tashqari, tomonlar «mablag‘larni o‘tkazishning muqobil variantlari»ni muhokama qilmoqda.
O‘z navbatida, Slovakiyaning Slovnaft NQZ vakili 9 avgust kuni «Drujba» quvuri orqali bir necha kundan beri mahsulot yetkazib berilmayotganini tasdiqladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Bratislavadagi NQZ ishlashda davom etmoqda. Slovnaft Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar olib bormoqda va Vengriyaning MOL NQZ bilan birgalikda tranzit xarajatlarini o‘z zimmasiga olishga tayyor, deya qo‘shimcha qildi u.
Ayni paytda, Rossiya neftini «Drujba» neft quvurining shimoliy tarmog‘i orqali - Belarusdan Polsha va Germaniya yo‘nalishi bo‘yicha yetkazib berish odatdagidek amalga oshirilmoqda.
2021 yilda «Drujba» orqali Ukraina hududidan 12 million tonna Rossiya nefti, jumladan, Chexiyaga 3,4 million tonna, Slovakiyaga 5,2 million tonna va Vengriyaga 3,4 million tonna olib o‘tildi.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024