Germaniyaning Berlin-Risk konsalting kompaniyasi mamlakat xususiy kompaniyalarini Myunxen texnika universiteti (TU) bilan hamkorlik qilishda ehtimoliy xavflarni hisobga olishga chaqirdi. Handelsblatt nashrining 26 iyul kuni yozishicha, ogohlantirishga universitetning Xitoy va Rossiyadagi hamkorlari bilan aloqalari sabab bo‘lgan.
Berlin-Risk ma’lumotlariga ko‘ra, Myunxen texnika universitetining dronlar sohasida tadqiqot olib boradigan olimlari muntazam ravishda ICASSE xalqaro aviatsiya konferensiyasida qatnashadi.
Nashrning qayd etishicha, konferensiya tashkiliy qo‘mitasiga xitoylik olimlar rahbarlik qiladi, uning tarkibida Moskva aviatsiya instituti (MAI) vakili ham bor. Forum doirasida aviatsiya va kosmik texnologiyalar, jumladan fuqarolik va harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ikki xil maqsadli texnologiyalar muhokama qilinadi.
Germaniya tomonidan ICASSE tashkiliy qo‘mitasi tarkibiga Myunxen texnika universiteti professori Florian Xolsapfel kirgan. Handelsblatt uni vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega uchish apparatlari sohasida nufuzli mutaxassis sifatida ta’riflagan. Shuningdek, professor Xitoy bilan yaqin ilmiy aloqalarga ega ekani qayd etilgan.
Universitet xavf borligi haqidagi fikrlarga qo‘shilmadi
Myunxen texnika universiteti Handelsblattʼga bergan izohida mazkur aloqalarda muammo ko‘rmayotganini bildirgan.
Universitet joriy yil aprel oyida Shanhay Jyao Tong universiteti (SJTU) bilan uchuvchisiz uchish apparatlari sohasida hamkorlik dasturini rasman boshlagan. Xitoy universiteti ICASSE konferensiyasini tashkil etishda ishtirok etuvchi muassasalardan biri hisoblanadi.
TU vakilining ta’kidlashicha, bunday xalqaro konferensiyalarda turli yo‘nalishlardagi keng doiradagi mavzular muhokama qilinadi. Universitetning ICASSE doirasidagi ishtiroki esa harbiy xususiyatga ega bo‘lmagan.
TU Germaniya mudofaa kompaniyalari bilan ham hamkorlik qiladi
Berlin-Risk ekspertlari Myunxen texnika universitetining Germaniya ichida mudofaa va xavfsizlik sohasidagi kompaniyalar bilan hamkorligiga ham e’tibor qaratgan.
Jumladan, universitet fevral oyida «Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi alyans»ni ishga tushirgan. Uni tashkil etish bo‘yicha kelishuv Bavariya hukumati va asosan Germaniya mudofaa sanoatiga tegishli bo‘lgan 15 ta kompaniya tomonidan imzolangan.
Shu sababli Berlin-Risk mutaxassislari universitetning xorijiy hamkorlari bilan aloqalari mudofaa sanoatidagi sheriklar uchun razvedka bilan bog‘liq ehtimoliy zaifliklarni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidlagan.















