Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Erdo‘g‘an Turkiyada muddatidan oldin saylov o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Welt am Sonntag nashrining yozishicha, Erdo‘g‘an jamoatchilik kayfiyatini «tutib olish» uchun Turkiyadagi prezidentlik saylovlarini 2023 yilning yozidan ertaroq sanaga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.
Turkiyada 2023 yil iyun o‘rtalariga belgilangan prezidentlik saylovlari 2022 yilning kuziga ko‘chirilishi mumkin, deb xabar berdi Welt am Sonntag gazetasi 21 avgust, yakshanba kuni Yevropa tashqi harakatlar xizmati (YeTHX) va YeI diplomatlari o‘rtasidagi manbalarga tayanib.
Nashrning yozishicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazmoqchiligi va ularning tashkil etilishi «juda tez sodir bo‘lishi» haqida ba’zi alomatlar bor.
Erdo‘g‘anning bo‘lajak saylovlarga tayyorgarligini ko‘rsatuvchi belgilar orasida diplomatlar Turkiya prezidentining xalqaro siyosatdagi faolligi - uning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davrida g‘arb davlatlari va Rossiya o‘rtasida faol vositachilik qilgani, Suriya yo‘nalishidagi faollashuvi va Turkiyaning O‘rta Yer dengizida gaz qazib olish dasturi qayta boshlanganini tilga olgan. 9 avgust kuni «Abdulhamid Xon» kemasi Mersin portidan jo‘nab ketdi, u O‘rta Yer dengizi sharqiy qismidagi konlarni o‘rganadi. Bundan tashqari, avgust oyi o‘rtalarida Erdo‘g‘an shaxsan Ukrainaga tashrif buyurib, u yerda prezident Volodimir Zelenskiy va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, bu harakatlar barchasi Turkiya rahbarining saylov kampaniyasi boshlanishidan oldin kuchini ko‘rsatishga qaratilgan va Erdo‘g‘an Turkiya iqtisodiyotidagi qisqa muddatli tiklanishdan so‘ng mamlakatda jamoatchilik kayfiyatining ko‘tarilganini o‘zi uchun qulay vaziyatda saylov o‘tkazish uchun sabab sifatida ko‘rishi mumkin.
Turkiyada 2022 yil iyul oyida yillik inflatsiya 79,6 foizga ko‘tarildi, bu - 1998 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich, narxlar esa bir oy ichida 2,37 foizga oshdi. Ushbu raqamlar mamlakatda bir necha yillardan beri davom etayotgan valuta va iqtisodiy inqirozning navbatdagi bosqichi natijalaridir.
Tahlilchilar uning sabablaridan biri sifatida Erdo‘g‘an tomonidan 2018 yilda boshlangan iqtisodiy o‘sishni oshirish uchun foiz stavkalarini pasaytirish siyosatini ko‘rsatmoqda. Bu Markaziy bank rahbarining maslahatiga qarshi amalga oshirildi, natijada lira rekord darajada pastga tushib ketdi hamda materiallar va energiya importiga qaram bo‘lgan mamlakatda xarajatlar qiymati oshdi.
2021 yil kuzida mamlakatda inflatsiya yanada kuchaydi – mamlakat Markaziy banki stavkani 14 foizga tushirgach, lira keskin tushib ketdi. 2022 yilda esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz va lira kursining pasayishda davom etishi narxlar oshishiga turtki berdi. Valuta 2021 yilda dollarga nisbatan 44 foizga, joriy yilda esa yana 27 foizga pasaygan.
2018 yildan beri prezident Markaziy bankning uch rahbarini ishdan bo‘shatdi, ammo inflatsiya davom etishi va pandemiya iqtisodiy oqibatlariga qaramay, 2021 yilda u mamlakatda to‘laqonli kosmik dastur tashkil etish niyatini e’lon qildi: Turkiyada o‘z kosmodromini yaratish, o‘z fuqarosini kosmosga jo‘natish, fuqarolik va harbiy maqsadlar uchun yangi sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish maqsad qilingan.
Bu tashabbus fuqarolar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar bu g‘oyani hayajon bilan qabul qilgan bo‘lsa, boshqalari iqtisodiy inqiroz davrida Oyga qimmatli missiyaning maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qaradi. Shu bilan birga, missiya kuzda lira kursi tushishidan oldin e’lon qilingan edi, ammo bu voqealardan keyin ham Erdo‘g‘an kosmik dasturdan voz kechmadi.
Mavzuga oid
18:17 / 15.06.2026
Turkiyaning zilziladan jabrlangan Hatay viloyatida O‘zbekiston mahallasi ochildi
15:55 / 13.06.2026
Turkiyada 3 kunda 4 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
20:23 / 12.06.2026
D guruhi tanishtiruvi. Mezbon AQSh kimlar bilan o‘ynaydi?
22:23 / 08.06.2026