Sobiq ittifoq davrida ko‘plab yirik temiryo‘l halokatlari bo‘lgan. Ular orasida 1989 yil 4 iyun kuni Boshqirdiston poytaxti Ufa shahri yaqinida sodir bo‘lgan halokat alohida ajralib turadi.

Bu halokat SSSRda sodir bo‘lgan temiryo‘l halokatlari orasida eng yirigi hisoblanadi. Temiryo‘l ostidan o‘tgan quvurdan sizib chiqqan gazning portlab ketishi tufayli ikkita yo‘lovchi poyezd halokatga uchraydi. Oqibatda 645 kishi halok bo‘ladi, 623 nafari esa turli darajada tan jarohatlari oladi.

Halokatdan avvalgi vaziyat

1981 yilda 1 852 kilometr uzunlikda G‘arbiy Sibir-Ural-Volgabo‘yi magistral gaz quvuri yotqizilishi boshlanadi. Quvurning o‘lchami 720 millimetr bo‘lib, loyihani amalga oshirish «Minneftprom» va «Mingazstroy»ga topshiriladi.

Yotqiziladigan gaz quvurlarining yo‘nalishi 14 ta joyda temiryo‘lni kesib o‘tishi lozim bo‘lib, ulardan to‘rttasi elektrlashtirilgan temiryo‘l uchastkalaridan o‘tishi belgilangandi.

Loyiha tayyor bo‘lgach, «Nefteprovodmontaj» qurilish-montaj tresti quvurlarni yotqiza boshlaydi.

Foto:russian7.ru

Gaz quvuri liniyasi qurib bitkazilgandan so‘ng undan yuqori bosim bilan siqilgan gaz va benzin aralashmasidan iborat yengil uglevodorodlar uzatila boshlanadi.

Magistral gaz quvurining bir qismi Transsibir magistral temiryo‘lining Boshqirdiston ASSRdagi Iglin tumani hududidan, Ulu-Telak – Asha uchastkasidan o‘tgan edi.

Ana shu joyda quvur yorilib, havoga ko‘p miqdorda gaz chiqa boshlaydi. Halokat sodir bo‘lishidan uch soat avval gazning bir qismi havoga chiqib ketayotgani uchun quvurda bosim pasayadi.

Navbatchi xodimlar gaz sizib chiqayotgan joyni izlab topish o‘rniga bosimni ko‘tarish uchun ko‘proq gaz hayday boshlaydi. O‘z navbatida havoga chiqib ketayotgan gaz miqdori ham yanada oshadi.

Gaz endi sizib chiqa boshlaganda nosozlik yuz bergan joydan o‘tib qaytayotgan poyezdlarning mashinistlari dispetcherlarga havoda yoqilg‘ining juda qo‘lansa hidi borligi haqida xabar berishadi.

Quvurdan ketayotgan gazda hid bo‘lmagan, aftidan ular benzin hidini sezishgan. Ammo temiryo‘l dispetcherlari bu xabarni e’tiborsiz qoldirishadi.