4 sentabr, yakshanba oqshomida O‘zbekistondagi bir qator sport nashrlari va futbol klublari elektron pochtasiga Osiyodagi nomdor bukmekerlik kompaniyasi rasmiy vakili nomidan xat jo‘natildi. Unga ko‘ra, kompaniya Toshkentning «Lokomotiv» klubini Superliga bahslarida kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etishda ayblagan. Xatda «temiryo‘lchilar» sardori Kaxi Maxaradzening nomi qayd etilgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, futbol tashkilotlari, OAV va klublarga jo‘natilgan xatda o‘zini 188Bet bukmekerlik kompaniyasi nazoratchisi sifatida tanishtirgan shaxs «Lokomotiv» klubi va uning sardori Kaxi Maxaradzening kelishilgan o‘yinda qatnashganini iddao qilib, bir qator dalillarni keltirgan. Qayd etilishicha, tashkilot qing‘irliklarni isbotlay oladi.

«Biz bu borada barcha dalillarga egamiz, marhamat tekshiring», deyiladi xatda va quyidagi o‘yinlar ro‘yxati hamda dalillar keltiriladi:

  1. 10 avgust, 2022 yil. OKMK - «Lokomotiv» o‘yini.
  2. 17 iyun, 2022 yil. «Lokomotiv» - «So‘g‘diyona» o‘yini
  3. Pul tikilayotgan holat suratlari
  4. O‘yinchining (Kaxi Maxaradze) pul tikayotgan videosi.
  5. Barcha ishtirokchilarning videoyozuvlari.
Foto: Lokomotiv

«Muammo 100 foiz «Lokomotiv» klubida. O‘yinchilar va o‘rtadagi shaxslar orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, har bir klubdan besh nafardan o‘yinchi kelishilgan o‘yinlarda ma’lum bo‘ldi. Texnik qurilmalarimiz orqali so‘nggi tekshiruvlardan keyin bu holatdagi barcha tranzaksion yozuvlar, chatlardagi yozishmalar, skrinshotlar, futbolchilarning qancha pul tikkani hamda kelishilgan o‘yinlar davomida qayd etilgan g‘ayritabiiy pul tikishlarni aniqladik.

Klub juda ko‘p turnirlarda ishtirok etgan. Biz FIFAga ko‘proq dalillarni taqdim etamiz va O‘zbekiston hukumatidan, amaldorlar, jurnalistlar, politsiya, o‘yinchilar, klub prezidentlari va murabbiylardan ushbu holatdagi barcha aloqadorni tekshirishni so‘raymiz. Kompaniyamiz ushbu vaziyatni butun dunyoga boricha ko‘rsatadi. O‘zbekiston hukumatiga ham xat jo‘natiladi», - deyiladi xatda.

Tashkilot rasmiysi xatga ilova sifatida kelishilgan o‘yinda ishtirok etganlikda gumonlanayotgan Kaxa Maxaradzening chatlardan biridagi suhbati suratini dalil sifatida keltirgan. Unda gruziyalik legionerning ikki kishi bilan videokonferensiya rejimida suhbatlashayotganini ko‘rish mumkin. Uchinchi shaxs ko‘rsatilmagan: