O‘zbekiston | 07:22 / 08.09.2022
8073
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston arab davlatlari va Markaziy Osiyo muloqoti ikkinchi yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi

«Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo» strategik muloqoti birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

2022 yil 7 sentabr kuni Ar-Riyod shahrida «Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo» strategik muloqoti birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda kengashga a’zo davlatlar - BAA, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt, Ummon hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov o‘z nutqida kengash va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish maqsadida ishbilarmonlar kengashini tuzish, transport sohasida loyihalarni amalga oshirish, Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temiryo‘li qurilishini jadallashtirish, transport vazirlari yig‘ilishlari formatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Birgalikda klinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar ta’limi markazlari filiallarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni jadallashtirish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Kengash va Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy merosini asrab-avaylash maqsadida hamkorlikda ko‘rgazma va konferensiyalarni tashkil etish, qo‘lyozma fondini raqamlashtirish va qo‘shma virtual kutubxonalarni yaratish, muzeylar bevosita aloqalarini rag‘batlantirish, tarixiy-arxeologik tadqiqotlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi qo‘shma tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan tashabbuslar bildirildi.

Uchrashuv ishtirokchilari e’tiboriga Afg‘onistondagi vaziyat haqida ma’lumot taqdim etildi. Delegatsiyalar O‘zbekistonning Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Joriy yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» xalqaro konferensiyasi amaliy ahamiyati qayd etildi.

«Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo» strategik muloqoti ikkinchi yig‘ilishini 2023 yili Samarqand shahrida o‘tkazish taklif qilindi.

Mavzuga oid