O‘zbekiston va Eron o‘rtasida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi
O‘zbekiston va Eron prezidentlari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi.
Samarqanddagi Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari Eron prezidentining ushbu tashrifini tarixiy deya baholadi hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan qutladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Eron munosabatlari yangi sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Muzokaralarda prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.
Savdo va transport sohalaridagi sheriklikka, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar keyingi yillarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashganini qayd etdi. Savdo ko‘rsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni oshib bormoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.
Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes va fan-innovatsiya forumlari o‘tkazildi, Qo‘shma investitsiya qo‘mitasi ta’sis etildi.
Ikki tomonlama savdoni yanada ko‘paytirish, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shu maqsadda tegishli «yo‘l xarita»si ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolash ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, neft-gaz, qurilish materiallari va metall mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarida, fan va innovatsiyalar sohasida boshlangan va ishlab chiqilayotgan kooperatsiya loyihalari qayd etildi. Qo‘shma sanoat klasterlarini yaratish orqali ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. «O‘zbekiston – Turkmaniston - Eron» yo‘li orqali avtotransportda yuk tashishni yo‘lga qo‘yish, «Chobahor» porti salohiyatidan samarali foydalanish, yuklar olib kirilishi va tranziti sharoitlarini yengillashtirish bu boradagi imkoniyatlarning kengayishiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Afg‘oniston mavzusi yuzasidan ham fikr almashildi.
Ibrohim Raisiy O‘zbekiston prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Eronga borishga taklif etdi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Eron muzokaralari samarali va amaliy ruhda o‘tdi. Uchrashuv yakunida hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Qo‘shma bayonot imzoladi. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi uzoq muddatli vazifalar belgilangan.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitim va memorandumlar imzolandi. Bular:
- ishbilarmonlik va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risida bitim;
- diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish to‘g‘risida bitim;
- 2022-2025 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
- fan, texnika va innovatsiya sohalarida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum;
- bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarining harakati to‘g‘risida elektron bojxona axborotini almashish to‘g‘risida memorandum;
- E-TIRga oid elektron axborotni almashish to‘g‘risida memorandum;
- fan, tadqiqotlar, ta’lim va texnologiyalar sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi bitim;
- sog‘liqni saqlash, davolash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim, farmatsevtika va tibbiy uskunalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- neft, gaz va neft-kimyo tarmoqlaridagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- “Chobahor” porti orqali xalqaro yuk tashishlar va tranzitni amalga oshirish to‘g‘risida memorandum;
- 2022-2024 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
- bandlik va mehnat munosabatlari masalalari bo‘yicha memorandum.
Shuningdek, Abu Rayhon nomidagi O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti hamda Eron Arxiv tashkiloti va Milliy kutubxonasi o‘rtasida, ikki mamlakatning Ibn Sino fondlari o‘rtasida hujjatlar imzolandi.
Mavzuga oid
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
22:12 / 22.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
21:33 / 22.11.2024