O‘zbekiston | 16:00 / 15.09.2022
6976
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari «Agroekspress» loyihasini ishga tushirishga kelishib oldi

O‘zbekiston va Belarus prezidentlari amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Press-slujba prezidenta

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentabr kuni Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida Aleksandr Lukashenko prezidentga taklif uchun tashakkur izhor etdi hamda Belarusni ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga qabul qilish tartibotini boshlash masalasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, ko‘p qirrali amaliy sheriklikni izchil kengaytirish, xalqaro va mintaqaviy siyosat yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Belarus munosabatlari do‘stlik va sheriklik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashgan, tovar ayirboshlash o‘tgan yilda 44 foizga, joriy yilning yetti oyida esa yana 12 foizga oshdi.

Tomonlar ikki mamlakatda savdo uylari va logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, oziq-ovqatni tezlashtirilgan tarzda yetkazib berish bo‘yicha “Agroekspress” loyihasini ishga tushirish, tovarlar kelib chiqishini sertifikatlashtirish bo‘yicha elektron tizimni joriy qilishga kelishib oldi.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari mashinasozlik, agrosanoat, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni ilgari surish zarurligini qayd etdi. Mamlakatlar hududlari salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari O‘zbekistonda ikkinchi hududlararo forumni o‘tkazishni taklif etdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar yo‘nalishda, birinchi navbatda ta’lim va kinematografiya sohalaridagi hamkorlik faol rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Mavzuga oid