09:41 / 23.09.2022
29573

«Korobka» uylar uchun subsidiya ajratishga ruxsat berildi

Subsidiya asosida olingan uy-joy uchun yo‘naltirilgan mablag‘dan daromad solig‘i olinmaydi.

Foto: Kun.uz

“Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

1 yanvardan uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolar ipoteka kreditlari va ular foizlari uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig‘iga tortilmaydi. Mazkur imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadi bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.

2023 yildan ipoteka kreditiga olingan mol-mulk olingan sanadan 36 oyda qayta sotilsa, kredit va foizlar uchun yo‘naltirilgan daromad soliqqa tortiladi.

2022 yil 1 noyabrdan “korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat beriladi.

Qaror bilan 2021 yilda berilgan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalar amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.

“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi”ga banklar tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz to‘lovlarini har 6 oyda to‘lash sharti bilan 300 mlrd so‘mgacha budjet ssudasi ajratiladi.

Uy-joylar va ipoteka kredit olishda fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun viloyatlar markazlarida ipoteka markazlari tashkil etiladi.

Top