Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, «OTP Bank» raisi Shandor Chani, shuningdek, «Gedeon Richter», «Bonafarm», «Wizz Air», «Raba Holding», «Meditop», «Master Good», «Kite» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
«O‘zbekiston yetakchisining xorijiy tashriflari davomida ishbilarmonlar bilan ochiq uchrashuvlar o‘tkazish o‘zgarmas an’anaga aylangan. Bunday tadbirlar bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy muvaffaqiyatlarini ilgari surish, chet el sarmoyadorlarini o‘zaro manfaatli loyihalarga jalb qilishga xizmat qiladi.
Vengriya – Yevropaning eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotlaridan biri, qishloq xo‘jaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat.
Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Oxirgi 5 yilda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Qo‘shma korxonalar va investitsiyalar hajmi oshmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini tubdan takomillashtirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Mirziyoyev keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy natijalarini sanab o‘tdi: valuta bozori va foydani repatriatsiya qilish erkinlashtirildi, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma obektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, soliq tizimi isloh qilindi.
«Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi.
















