Jahon | 08:12 / 19.10.2022
5327
3 daqiqa o‘qiladi

Yeyskda Su-34 qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 15 kishiga yetdi

Yana bir jabrlanuvchi shifoxonada vafot etdi. 15 nafar halok bo‘lganlar orasida 3 nafar bola ham bor.

Foto: RG

18 oktyabr, seshanba kuni Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahridagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyotining qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 15 kishiga yetdi. Bu haqda TASS agentligiga viloyat gubernatori o‘rinbosari Anna Minkova ma’lum qildi. Uning aytishicha, 51 yoshli jabrlanuvchi tanasining 80 foizi kuygan holda kasalxonada vafot etgan. Bir necha soat oldin yonib ketgan samolyot dvigateli ostidan 14-qurbonning jasadi topilgan edi.

Su-34 halokati natijasida jami 28 kishi jabrlandi: 25 kishi, jumladan, ikki homilador ayol va olti bola kasalxonada, uch kishi ambulator davolanmoqda. Kasalxonaga yotqizilganlardan 22 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir, uch nafarining ahvoli og‘ir. Qurbonlar orasida uch nafar bola ham bor, deb xabar berdi avvalroq Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsov. Jabrlanganlarning uch nafari balandlikdan qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Anna Minkovaning ta’kidlashicha, bu odamlar uyning yuqori qavatlaridan sakrab, aftidan yong‘indan qochishga harakat qilishgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi versiyasiga ko‘ra, yong‘in samolyot «uyga urilganidan» va «qulab tushganidan» keyin boshlangan. «Hech qanday portlash sodir bo‘lmagan, uyga zarar yetgan, hammasi aniq. Lekin yong‘inga yonilg‘ining to‘kilishi sabab bo‘lgan, odamlar jabrlangan», — dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov. Ayni paytda, halokat haqidagi dastlabki xabarlarda qiruvchi samolyot to‘liq o‘q-dorilar bilan uchayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Voqea guvohlari tomonidan e’lon qilingan videoyozuvlarda portlashlar aniq eshitilgan.

Halokat kechasi sodir bo‘lgan. Su-34 qiruvchi samolyoti Yeysk yaqinidagi harbiy aerodromdan havoga ko‘tarildi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quv parvozi uchun mo‘ljallangan ko‘tarilish chog‘ida samolyot dvigateli yonib ketgan. Bu haqda katapulta vositasida irg‘ib chiqib parashyut bilan o‘zini pastga tashlagan uchuvchilardan biri aytdi.

Natijada Su-34 turar joy binosiga quladi, uy yonib ketdi. To‘qqizinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan shiftlar qulagan. Yong‘in butun kirish yo‘lagini qamrab olgan, 45 taga yaqin xonadon zarar ko‘rgan. Parvoz yoki ularga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish (Rossiya Jinoyat kodeksining 351-moddasi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid