14:43 / 01.11.2022
10941

O‘zbekiston Rossiyaning ayrim hududlaridagi talabalarga o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berdi

Davlat komissiyasi 7-son bayoni bilan Rossiyaning (Ukraina bilan chegaradosh) Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi.

Foto: Kun.uz

Davlat test markazi xabariga ko‘ra, talabalar o‘qishi ular arizalariga muvofiq doimiy yashash manzili hududida joylashgan OTM mos va turdosh (mos va turdosh bo‘lmagan taqdirda mazmunan yaqin bo‘lgan) ta’lim yo‘nalishiga ko‘chiriladi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 2022 yil 1 noyabrdan 20 noyabrga qadar (shu kuni ham) Davlat test markazi my.dtm.uz sayti («Rossiyadan o‘qishni ko‘chirish» bo‘limi) orqali qabul qilinadi.

Talabalarning haqiqatda muayyan OTMda tahsil olganligini tekshirish 2022 yil 25 noyabrdan 15 dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror respublika OTM idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinadi;

Fuqarolarning Rossiyadagi muayyan OTMda haqiqatda o‘qiyotganligi aniqlanmasa, ularning o‘qishi ko‘chirilmaydi.

O‘qishi ko‘chirilgan talabalar o‘qishini mos kursdan davom ettirishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda aniqlangan fanlar farqi 2022-2023 o‘quv yili davomida bepul topshiriladi.

Mavzuga oid
Top