Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Niinistyo: Finlandiya yadro qurolini joylashtirishni rejalashtirmayapti
Yadro quroli qandaydir hodisaning oldini olish vositasi, ammo maqsad emas, dedi Sauli Niinistyo. Shuningdek, u tinchlikka erishish uchun Moskva bilan muloqotni buzmaslikka chaqirdi.
Finlandiya NATOga a’zo bo‘lganidan keyin o‘z hududida yadro qurolini joylashtirishni rejalashtirmayapti, dedi mamlakat prezidenti Sauli Niinistyo. «Alyansga qo‘shilganidan so‘ng Finlandiya o‘z hududiga yadro qurolini olib kirish niyatida emas va uni finlarga kimdir taklif qilayotgani haqida hech qanday alomat yo‘q», — dedi u 7 noyabr, dushanba kuni jurnalistlarga.
Yadro quroli NATOning tiyib turish strategiyasining muhim qismidir va shuning uchun «o‘z-o‘zidan maqsad emas, qandaydir hodisaning oldini olish vositasidir», deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Yle. Uning qo‘shimcha qilishicha, yadroviy urushda g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, shuning uchun u hech qachon boshlanmasligi kerak.
Bundan tashqari, Finlandiya prezidenti tinchlikka erishish va odamlarning qurbon bo‘lishini to‘xtatish uchun Moskva bilan aloqani davom ettirishga harakat qilishga chaqirdi hamda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Sholsning tegishli qadamlarini qo‘llab-quvvatladi. Ukrainadagi urushning oxiri hali ko‘rinmayapti, hech bir tomon o‘zining dastlabki pozitsiyalari bo‘yicha murosaga kelmayapti, deya qo‘shimcha qildi u. Niinistyo Ukraina o‘z hududiy yaxlitligini himoya qilish huquqiga ega ekanligini, Rossiya esa qo‘shni davlatga bostirib kirish huquqiga ega emasligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Finlandiyaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish jarayoni aynan qachon sodir bo‘lishi mumkinligini aniqlashtirmadi va bu «oqilona vaqt ichida» yakunlanishini aytdi. Niinistyo, shuningdek, uning mamlakati Anqara talablari tufayli o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini bildirdi. Finlandiya Turkiya hukumati tomonidan tanqid qilingan kurd tashkilotlariga yordam berdi va bu faoliyatni davom ettiradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Shvetsiya va Finlandiya 2022 yilning bahorida Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi munosabati bilan an’anaviy betaraflikdan voz kechdi va NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Alyans ikki davlatni NATOga qabul qilish tartibini iyun oyida, Anqara Shvetsiya va Finlandiyaning ittifoqqa qo‘shilishiga qarshi e’tirozlarini qaytarib olganidan so‘ng boshlagan edi. Turkiya Helsinki va Stokholmdan 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilingan kurdlar ekstraditsiyasini talab qildi.
Keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiyani bu va’dalarni bajarmaslikda aybladi. 5 noyabr kuni Shvetsiyaning yangi hukumati kurdlarni NATOga qo‘shilish uchun qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi ma’lum bo‘ldi. Stokholm Turkiyaning NATOga a’zolikka roziligini olish uchun Suriyadagi kurd isyonchilaridan uzoqlashmoqda, dedi Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom. Noyabr oyi boshida NATOga a’zo 30 ta davlatdan 28 tasi Finlandiya va Shvetsiyani qabul qilishga rozi bo‘ldi. Hujjatlar alyansning barcha a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, ikkala davlat ham NATO Nizomining 5-moddasi bilan himoyalanadi, u esa jamoaviy mudofaa tamoyilini belgilaydi.
Mavzuga oid
08:35 / 03.06.2026
«Naftogaz» Rossiyadan tovon undirishni davom ettirmoqda
10:51 / 20.03.2026
Eng baxtli mamlakatlar ma’lum qilindi
15:49 / 06.02.2026
Finlandiya AQShni Ukrainaga kafolatlarni ehtiyotkorlik bilan ta’riflashga chaqirdi
14:54 / 28.01.2026