Jahon | 16:31 / 23.12.2022
10712
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyada «Boko Harom»ning 103 terrorchisi yo‘q qilindi

So‘nggi yillarda olib borilgan operatsiyalarga qaramay, «Boko Harom» Nigeriyada asosiy xavfsizlik muammosi bo‘lib qolmoqda.

Foto: AP

Nigeriya shimoli-sharqida «Boko Harom» va ISWAP terrorchi tashkilotlariga qarshi olib borilgan amaliyotlarda 103 nafar terrorchi yo‘q qilindi.

Nigeriya Mudofaa vazirligining media direktori Musa Danmadami, o‘tgan 3 hafta ichida armiya Borno shtati hududlarida «Boko Harom» va ISWAP terrorchi tashkilotlariga qarshi havoda va quruqlikda harbiy amaliyotlar o‘tkazganini aytdi. Amaliyotlar davomida 103 nafar terrorchi yo‘q qilingan, 22 nafari asirga olingan, shuningdek, 80 terrorchi oilasi bilan birga taslim bo‘lgan. Operatsiyalar davomida terrorchilar tomonidan garovga olingan 30 kishi qutqarilgan.

So‘nggi yillarda uyushtirilgan amaliyotlarga qaramay, «Boko Harom» Nigeriyada jiddiy xavfsizlik muammosini keltirib chiqarishda davom etmoqda. Ushbu tashkilot 2000 yillarning boshidan beri faol. 2009 yildan buyon 20 mingdan ortiq odam uning qurboniga aylandi.

«Boko Harom» 2015 yildan beri Kamerun, Chad va Nigerga hujum qilib keladi. Chad ko‘li hududida kamida ikki ming kishi terrorchilar qurboni bo‘lgan. Mamlakatdagi teraktlar va mojarolar tufayli yuz minglab odamlar migratsiyaga majbur bo‘lgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid