O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdi.

O‘zbekiston prezidenti so‘zi avvalida ko‘p millatli xalqimiz va shaxsan o‘z nomidan Qozog‘iston prezidenti va qardosh xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langani ta’kidlandi.

«Umumiy tariximiz, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bizni birlashtirib turadi. Qozog‘iston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan o‘tgan hamkordir.

Bugungi murakkab zamonda o‘zaro munosabatlarimiz davlatlararo hamkorlikning namunasi bo‘la oladi, deb hech mubolag‘asiz aytishimiz mumkin», – dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston prezidenti bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va boyitish, ularga sifat jihatidan yangi amaliy mazmun berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi.

Qardosh xalqlarning tub manfaatlariga to‘liq javob beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani tashrifning eng muhim natijasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari darajasidagi Davlatlararo kengash tuzilmoqda.

«Bu bilan bir-birimizni faol qo‘llab-quvvatlashga, zamon xatarlari oldida yelkama-yelka qat’iy turishga tayyorligimizni tasdiqladik», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qabul qilingan navbatdagi muhim hujjat - birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegaralarning huquqiy rasmiylashtirilishini to‘liq yakuniga yetkazgan O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma.

«Bu chinakam tarixiy voqea. Hech shubhasiz, chegaralarimiz doimo haqiqiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, keng ko‘lamli hamkorlik jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshgani va besh milliard dollarga yaqinlashgani buning tasdig‘idir.