Britaniya razvedkasi xabariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga kam sonli yangi T-14 «Armata» jangovar tanklarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 2009 yildan ishlab chiqarila boshlangan ushbu tanklarning jang maydonida qo‘llanishi hozirga qadar biror marta kuzatilmagan. Ushbu tanklarni frontga jo‘natish rus qo‘shinlariga sezilarli ustunlik bera oladimi?

T-14 «Armata» tanki maketi IDEX Defense nomli qurol va harbiy texnikalar ko‘rgazmasida, 2021 yil. Foto: TASS

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi tomonidan 19 yanvar kuni e’lon qilingan harbiy razvedka hisobotida aytilishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiyaning yangi T-14 tanklarini mamlakatning janubiy qismida payqashgan. Odatda Ukrainaga harbiy texnikalar aynan shu yerdan yuboriladi.

«Hukumatparast rus ommaviy axborot vositalari qo‘shinlar T-14 tanklari ko‘chirishga tayyorlanayotganini da’vo qilmoqda, biroq Rossiya ushbu turdagi tanklarni Ukrainaga ko‘chirgani yoki yo‘qligi hozircha noma’lum», deb yozadi hisobot mualliflari.

Britaniya razvedkasi «Armata»ning frontga yuborilishi asosan propaganda maqsadlarida amalga oshirilishiga va tanklar janglarda faol qo‘llanmasligiga ishonmoqda.

Hisobotda shuningdek, ushbu tank juda og‘irligi sabab logistika muammolari yuzaga kelishi va tankni ishlab chiqish va ishlab chiqarish dasturini amalga oshirishda 10 yildan buyon davom etib kelayotgan kechikishlar va muammolar ham ta’kidlanadi. Shu sabab «Armata» tanklaridan faol foydalanish Rossiya uchun xavfli qaror bo‘ladi.

G‘arbning Kiyevga asosiy jangovar tanklarini yetkazib berishi uzoq vaqt davomida tabu bo‘lib keldi. Ularni Ukrainaga berish imkoniyati ko‘plab mamlakatlarda muhokama qilindi, ammo hech kim bu qurollarni Kiyevga topshirishga jur’at eta olmadi.

So‘nggi haftalarda Yevropaning ayrim davlatlari o‘zlarining ma’lum miqdordagi Leopard 2 tanklarini Ukrainaga topshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Biroq Germaniyada ishlab chiqarilgan ushbu tanklarni Ukrainaga berish uchun Berlinning roziligi kerak, Berlindagilar esa hozircha bunga ruxsat bergani yo‘q.