Oʻzbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi transchegaraviy xususiyatga ega boʻlib, xorijdan turib amalga oshirilyapti. Bu haqda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashrapov 7-oktabr kuni aholiga qilgan murojaatida maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, firibgarlar asosan odamlarning soddaligi, beparvoligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanadi. Shu sababli ota-onalar, oʻqituvchilar, mahalla faollari va boshqa fuqarolar yaqinlariga kiberxavfsizlik qoidalarini tushuntirib borishi kerak.
Ramazon Ashrapov bir qator jihatlarga eʼtiborli boʻlishga chaqirdi:
ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilgan shubhali va nomaʼlum fayllarni, ayniqsa APK formatidagi fayllarni ochmaslik va yuklab olmaslik tavsiya qilindi. Bunday fayl tanish yoki yaqin inson nomidan yuborilgan taqdirda ham ehtiyot boʻlish kerak;
turli idoralar xodimi sifatida tanishtirib, kod yoki parol soʻraydigan nomaʼlum raqamlardan qoʻngʻiroq qilganlarga ishonmaslik;
qisqa vaqt ichida kiritilgan mablagʻni bir necha baravar koʻpaytirishni vaʼda qiladigan onlayn va soxta platformalardan ehtiyot boʻlish;
internet orqali savdo qilishda sotuvchining ishonchliligini tekshirmasdan turib oldindan toʻlovni amalga oshirmaslik;
bank kartasining PIN kodi va telefonga kelgan SMS kodni hech kimga aytmaslik.











