Jahon | 07:42 / 23.01.2023
10507
5 daqiqa o‘qiladi

Berbok: Germaniya Polshaning Kiyevga Leopard tanklari yetkazib berishiga qarshi emas

Varshava Berlinga nemis tanklarini o‘z zaxiralaridan Ukrainaga o‘tkazish bo‘yicha rasmiy so‘rov yubormadi, ammo bu sodir bo‘ladigan taqdirda Germaniya «to‘sqinlik qilmaydi».

Foto: Philipp Schulze/dpa/picture-alliance

Germaniya hukumati Leopard 2 tanklarini Polshadan Ukrainaga yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmaydi, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 22 yanvar, yakshanba kuni Fransiyaning LCI teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida.

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Varshava Berlinga nemis tanklarini o‘z zaxirasidan Ukrainaga o‘tkazish bo‘yicha rasmiy so‘rov yubormagan. Germaniya TIV rahbari agar Polsha rasmiy Berlin ruxsatisiz tanklar yuborishga qaror qilsa nima bo‘lishi haqidagi savolga shunday javob berdi: «Bizdan hali so‘ralgani yo‘q, agar so‘rashsa, biz to‘sqinlik qilmaymiz».

«Biz bu tanklar naqadar muhimligini bilamiz va shuning uchun hozir buni hamkorlarimiz bilan muhokama qilmoqdamiz. Biz hayotni saqlab qolish va Ukraina hududini ozod qilish uchun hamma narsani qilishimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi Berbok.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius avvalroq aytganidek, Ukrainaga Leopard tankini yetkazib berish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu masala muhokama qilingan: uning tarafdorlari ham, muxoliflari ham bor. 

Shu bilan birga, Pistorius Germaniya Mudofaa vazirligiga Leopard tanklari parkini qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. Gap Bundesverda xizmat ko‘rsatayotgan va ishlab chiqaruvchilarda bo‘lgan mashinalar haqida ketyapti. Tanklar sonini, shuningdek, ularning sheriklar jangovar transport vositalariga mosligini aniqlash kerak. «Leopard tanklarini yetkazib berish bo‘yicha qaror qaysi nuqtada qabul qilinishini hozircha ayta olmaymiz, biroq ittifoqchilar bilan kelishuvga erishilsa, buni tezda qabul qilish mumkin», dedi Pistorius.

Pistoriusning 22 yanvar kuni kechqurun ARD telekanali efirida aniqlik kiritishicha, tanklarni yetkazib berish bo‘yicha qaror «ko‘p omillarga bog‘liq» va «federal kansler idorasida qabul qilinadi». Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozir qanday ahvolda ekanini hamma tushunadi va shuning uchun ham «qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar» qaror tez orada qabul qilinadi.

«Tanklar kerakligi aniq, Donbass va Luhansk tomon hujum qilish kerak», dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya uchun, gap bir tomondan, ittifoqdoshlar – birinchi navbatda, AQSh bilan muvofiqlashtirish haqida bormoqda. Shu bilan birga, «hujumkor maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan» og‘ir qurollar jo‘natishlari muhokama qilinar ekan, federal hukumat «hamma narsani diqqat bilan tinglaydi» va «shoshilinch va beparvo» qarorlar qabul qila olmaydi, dedi Pistorius.

Avvalroq Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Germaniya Kiyevga Leopard 2 tanklarini berishga rozi bo‘lmasa, uning mamlakati Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropaning boshqa davlatlari bilan «kichik koalitsiya» tuzishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan edi.U GFRning bu boradagi pozitsiyasini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. 

«Rossiyaning tajovuzkor urushi tufayli har kuni begunoh odamlar halok bo‘lmoqda. Rossiya bombalari Ukraina shaharlarini vayron qilmoqda. Fuqarolik obektlari urilmoqda, ayollar va bolalar halok bo‘lmoqda. Germaniyaga ko‘zini ochib, qonunga muvofiq harakat qilishni boshlash uchun yana nima kerak?» - dedi Polsha bosh vaziri.

Polsha rasmiylari mamlakat Leopard tanklarini Ukrainaga o‘z zaxiralaridan o‘tkazishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan, ammo buning uchun Germaniyaning ushbu harbiy texnikani ishlab chiqaruvchi davlat sifatida roziligini olish kerak. Shu bilan birga, Germaniya hukumati Polshadan Leopard tanklarini Ukrainaga eksport qilish bo‘yicha rasmiy so‘rov bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

Mavzuga oid